Oqtepa — Oʻrta Osiyoda qadimgi binolar qoldiqlari va arxeologik madaniy qatlamlar saqlangan tepaliklar boʻlib, Toshkent shahrining oʻzida bir nechta Oqtepalar mavjud. Koʻkcha Oqtepa, Chilonzor Oqtepa, Sagʻbon Oqtepa, Chigʻatoy Oqtepa, Yunusobod Oqtepalari shular jumlasidandir.
Tepaliklar orasida Yunusobodda joylashgan Oqtepa yodgorligi oʻzining qadimiyligi bilan ajralib turadi.
Tarixiy maʼlumotlarga qaraganda, Oqtepa kanali boʻyida joylashgan Yunusobod Oqtepasi shahar xarobasi hisoblanib, tarixi 5–13-asrlarga borib taqaladi.
Yunusobod Oqtepasi 7–8-asr boshida yashagan chochlik yirik zodagonning qasrli chorbogʻi, saroyi boʻlganidan dalolat beradi. U hokimning yozgi qarorgohi boʻlgani ham ehtimoldan xoli emas. Topilmalar, jumladan umaviylar xalifaligi (8-asr 1-yarmi)ga oid kumush tangalarning kichik xazinasi topilgan. Yodgorlikdagi hayot 8-asr 2-yarmida qayta jonlangan, 9–12-asrlarda esa u Binkat viloyatining mustahkamlanmagan qishloqlaridan boʻlib, 13-asr boshida moʻgʻullar istilosi davrida inqirozga uchragan.
