Shaharlar oʻrtasidan oqib oʻtadigan daryo va kanallar goʻyo qon tomirlari kabi, ularning infratuzilmasiga, hayot tarziga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bunga Parijdagi Sena, Qohiradagi Nil, Kiyevdagi Dnepr, Sankt-Peterburgdagi Neva, Yevropaning qator kentlaridan oʻtgan Dunay, Visla singari koʻplab suv havzalarini misol qilib keltirish mumkin. Bu suv arteriyalari nafaqat shaharlarning koʻrki hisoblanadi, balki ularning iqtisodiy rivojlanishi uchun ham muhim manba boʻlib xizmat qiladi. 

Xoʻsh, oʻzimizda-chi? Toshkentning Anhor kanalini bilmaydiganlar bormi? Uning poytaxtimiz tarixi va bugungi kunidagi oʻrni, ahamiyati nechogʻlik muhim?

Anhor kanali tarixi ancha uzoqqa borib taqaladi. U Toshkent shahri va uning atrofidagi hududlar suv taʼminotida muhim rolʼ oʻynagan. Kanalning tarixi shaharning paydo boʻlishi va rivojlanishi bilan chambarchas bogʻliq.

Anhor kanali nomining kelib chiqishi haqida bir vaqtning oʻzida bir nechta taxminlar mavjud: u uzumni anglatuvchi «Anzor» soʻzi, «haydaladigan maydon» degan maʼnoni anglatuvchi «Angor» yoki daryoni anglatuvchi «Anhor» soʻzi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Suv havzasining uzunligi 23 kilometrga choʻzilgan va Toshkent shahrining butun markaziy qismi boʻylab oʻtadi. U Boʻzsuv sugʻorish kanalining bir tarmogʻi boʻlib, oʻz navbatida, Chirchiq daryosidan boshlanadi.

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida kanal uning oʻng qirgʻogʻidagi Eski shahar va chap qirgʻoqdagi Yangi shahar qismi oʻrtasidagi chegara edi. Anhor boʻylab Yangi shahardagi birinchi Chernyayev koʻchasi, hozirgi Mustaqillik maydoni oʻtgan. Bundan tashqari, Anhor kanali ustida Toshkentdagi birinchi zamonaviy koʻprik qurilgan va unga «Oʻrda koʻprigi» nomi berilgan. Dastlab koʻprik yogʻochdan yasalgan boʻlib, 1913-yilda mustahkam qilib gʻishtdan barpo etilgan.

Anhor kanali yilning har qanday faslida goʻzal. Toshkentliklar uni, birinchi navbatda, salqinligi, ulugʻvorligi va sersuvligi uchun sevadilar. 

Anhor sohili mahalliy aholi va poytaxt mehmonlari orasida juda mashhur. Kanal sohillarida har qanday yoshdagi dam oluvchilarni uchratish mumkin, chunki tabiiy goʻzallik va suv yuzasining sokin oqimi hech kimni befarq qoldirmaydi.

Anhor sportchilarning ham sevimli joyi. Kanal boʻyida sportning eshkak eshish turlari boʻyicha yurtimizdagi «keksa» sport maktablaridan biri – Kasaba uyushmalari federatsiyasining respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar olimpiya zaxiralari maktabi joylashgan. Bu sport maktabidan yuqori malakali sportchilar, Osiyo oʻyinlari chempionlari, Jahon kubogi bosqichlari gʻolib va sovrindorlari yetishib chiqqan.

Taʼkidlash joizki, Anhor oʻzbek kinematografistlarining ham sevimli suratga olish maydoni boʻlib kelgan. Barchamizning qalbimizdan joy olgan «Mahallada duv-duv gap» (1960 y.), «Nafosat» (1966 y.) filʼmlarida kanal bilan bogʻliq koʻplab taʼsirchan epizodlar bor. Jumladan, 1960-yili kinorejissyor Shuhrat Abbosov suratga olgan «Mahallada duv-duv gap» filʼmi qahramoni – ombor mudiri Arslon akaning Anhor boʻyidagi choyxonada tushlik qilib, dam olish lavhasi oʻzbek komediyasining klassikasi sanaladi. Bu rolni sobiq ittifoq xalq artisti Rahim Pirmuhamedov mahorat bilan ijro etgan. 

1966-yilda taniqli kinorejissyor, Oʻzbekiston xalq artisti Elyor Eshmuhamedov tomonidan suratga olingan «Nafosat» filʼmidagi ilk voqealar ham Anhor kanalida boʻlib oʻtadi. Filʼmda oʻsmir bolalarning koʻprikdan suvga sakrashlari, qirgʻoqda dam oluvchilar bilan boʻlib oʻtgan voqealar asnosida kanalning poetik obrazi mahorat bilan tasvirlanadi. 

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Rustam Saʼdullaev suratga olish jarayonlarini eslab, shunday deydi: «Oʻsha vaqtda maktabda oʻqirdim. Meni bir necha bolalar bilan birga sʼyomkaga jalb qilishdi. Bizlar Oʻrda koʻprigining tepa qismidagi toʻgʻondan boshlab kanal boʻylab suzib borardik, yonimizda ijaraga olingan motorli qayiqda rejissyor Elyor Eshmuhamedov va operator Dilshod Fatxullin sʼyomka qilishardi. Suzib borish epizodlari bitta dublda olingan tasvirlar edi... Yuksak mahorat bilan tasvirga olingan Anhorimizni hozir ham sogʻinch bilan eslayman...»

Gʻayratulla SHUKUROV,

oʻz muxbirimiz.