Shahodat Isaxonovaning «Turon malikasi» deb atalgan tarixiy romanini varaqlar ekansiz, uzoq tarix sahifalaridagi juda murakkab voqeliklarga guvoh boʻlasiz. Ilgari yozilgan tarixiy qissa va romanlar kabi, bu asarda ham Amir Temur zamonlariga, aniqrogʻi, sohibqiron vafotidan keyin roʻy bergan tahlikali yillarga, mamlakat uchun benihoya ogʻir paytlarga murojaat qilinadi.

Tarix sahnasida buyuk davlatlarning yuksalishi faqatgina siyosiy iqtidor yoki harbiy yurishlar bilan emas, balki taʼlim-tarbiya, oilaviy qudrat va maʼnaviy masalalar bilan ham bogʻliqdir. Aynan shu jihatdan qaralganda, Amir Temur saltanatida Saroymulkxonimning oʻrni beqiyosdir. 

Saroymulkxonim nafaqat Amir Temurning eng suyukli rafiqasi, balki uning ham hayotdagi, ham siyosatdagi dono maslahatchisi boʻlgan. Unga «Bibixonim» deb nom berilgani ham yurtdoshlari qalbidagi hurmatning yorqin ifodasidir.

Saroymulkxonim Amir Temur saltanatining faqat ziynatigina emas, maʼnaviy ustuni ham boʻlgan. U har bir Temuriy shahzodani ilm-maʼrifat yoʻlida ulkan darajada tarbiyalagan. Xususan, Mironshoh, Ulugʻbek, Xalil Sulton kabi merosxoʻrlar undan saboq olgan. 

Bundan tashqari, ilm va sanʼatni qadrlagan Saroymulkxonim madrasa va kitobxonalar qurdirishni qoʻllab-quvvatlagan, ayollar obroʻ-eʼtibori va taʼsir koʻlamini kengaytirishga xizmat qilgan.

Tarixga nazar tashlasak, Saroymulkxonim hayotidagi eng ogʻir qarorlaridan biri, balki uni bunday deb atash ham notoʻgʻridir, farzand eng buyuk neʼmat ekanligini his etganidan, Shod Mulkning Xalil Sultondan farzand kutayotganini bilgach, unga ishonib oʻlimdan saqlab qoldi. Lekin bu qaror qimmatga tushdi. Taqdirlar va taxtni butunlay oʻzgartirib yubordi. Bu esa Xalil Sultonning kelgusidagi siyosiy zaifligiga yoʻl ochdi. Temuriylar sulolasidagi ishonch va intizomga putur yetkazdi. 

Nima boʻlganda ham, Saroymulkxonim tarixda taraqqiyot homiysi, taʼlim-tarbiyaga ilk institusional asos solgan ayollardan biri, siyosiy donolik va insonparvarlik timsoli sifatida qoladi.

Xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, romanda Saroymulkxonim nafaqat Amir Temurning rafiqasi, balki Temuriylar sulolasi kelajagini shakl­lantirishda bevosita ishtirok etgan ayol sifatida namoyon boʻldi. Uning mehr-shafqati bilan bir qatorda, siyosiy ehtiyotkorligi ham tarix saboqlaridan biri boʻlib qoldi. Asosiysi, Turon malikasi boʻlmish Saroymulkxonim umrining oxirgi daqiqasiga qadar Amir Temurga malikalarga xos holda sodiq qoldi. 

Agar siz ham isteʼdodli yozuvchi Shahodat Isaxonovaning «Turon malikasi» asarini oʻqib chiqsangiz, tarix zarvaraqlariga muhrlangan Saroymulkxonimni oʻzingiz uchun qayta kashf etishingiz, shubhasiz.

Goʻzal JAFAROVA,

oʻz muxbirimiz.