Maʼnaviyat va maʼrifat darsi


Tamaddun tarixiga nazar tashlasak, insoniyat har qanday buyuk ixtirolar va kashfiyotlarga faqatgina ilm-fan yutuqlari asosida erishgan. Bugungi zamonaviy hayotni ham ilm-maʼrifat va taʼlim taraqqiyotisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Dunyoning eng ilgʻor davlatlarida taʼlimni rivojlantirish birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Chunki yurt ravnaqi va uning istiqboli aynan shu sohada qoʻlga kiri­tilgan yutuqlar bilan chambarchas bogʻliqdir.

Mamlakatimizda ham yosh avlodni komil inson qilib voyaga yetkazishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, ularni yuksak maʼnaviyatli, zukko, bilimdon, yurt taqdirini oʻz zimmasiga olishga qodir avlod sifatida voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar muhayyo qilinyapti. Prezidentimiz rahbarligida taʼlim tizimini tubdan oʻzgartirish, har tomonlama yetuk, malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash hamda Vatanga sadoqatli yangi avlodni voyaga yetkazish mexa­nizmlarini yaratish maqsadida olamshumul islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, biz keng koʻlamli demokratik oʻzga­rishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Yurtboshimiz iborasi bilan aytganda:

«Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda il­miy-madaniy muassasa­larni boʻlgʻusi

Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituv­chilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʻo­nish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz».

Maʼlumki, boy tarixga ega yurtimizda birinchi Renessans – Sharq Uygʻonish davri IX–XI asrlarda yuz bergan. Bu davrda buyuk allomalarimiz yaratgan ilmiy va falsafiy asarlar hamda hamon dunyoni lol qoldirayotgan ixtirolari jahon sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qoʻshdi. Aniq fanlar sohasida Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Fargʻoniy, falsafa sohasida Abu Nasr Forobiy, tibbiyot sohasida Abu Ali ibn Sino, tilshunoslikda Mahmud Zamaxshariy barakali ijod qilgan.

Renessansning ikkinchi davri esa Amir Temur va Temuriylar davriga toʻgʻri kelib, nafaqat Movarounnahr, balki butun Markaziy Osiyo oʻlkalari oʻz taraqqiyotining yangi pogʻonasiga koʻtarildi. Sohibqiron bobomiz ilm-fan rivojiga rahnamo boʻlib, olimlar, sanʼatshunoslar, yozuvchilar, shoirlarga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatgan.

Bugungi kunda, Oʻzbekis­tonda yangi uygʻonish – uchinchi Renessans davri boshlandi. Buni bugungi kunda yurtimizdagi jadal rivojlanishlar, taʼlim va ilm-fan sohasidagi oʻzgarishlar, oddiy hayotimizda roʻy berayotgan yuksalishlar jarayonlari misolida koʻrishimiz mumkin. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida saʼy-harakatlarning lokomotivi sifatida taʼlim-tarbiya, ilm-fan, maʼrifatni rivojlantirish gʻoyasi tanlangani ushbu tashabbusning gʻoyat hayotiyligini taʼminlovchi eng muhim omildir. Zotan, millatning ilm-maʼrifati yuksalishi barobarida, uning farovonligi va ertangi kunga ishonchi oshib boraveradi.

Yangi Oʻzbekistonning keyingi taraqqiyoti jarayonida maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, umumtaʼlim maktablari faoliyatini yaxshilash, oliy taʼlim tizimini dunyo standartlariga mos­lashtirish, xalqaro reytinglarga kiritish, oʻquv yurtlariga qabul qilishda adolatli tizimni oʻrnatish, yurtimizda nufuzli chet el universitetlarining filiallarini ochish kabi koʻplab ishlar olib borilmoqda.

Tadqiqotlar hamda ilmiy kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, inson hayoti davomida oladigan barcha maʼlumotning yetmish foizini besh yoshgacha boʻlgan davrda olishi aniqlangan. Bolaning intellektual shaxsini shakllantirish, taʼlim xizmatlarini yaratish orqali sifat darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani sohadagi izchil islohotlarning natijasidir.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning zarur siyo­siy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslari yaratilishi barobarida, maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasini oshirish hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yet­kazish, 2022–2023-yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024-2025 oʻquv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish, maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish, maktabgacha taʼlim-tarbiya jarayonlarini ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida takomillashtirish keyingi yillar uchun asosiy vazifalar qilib belgilab olindi.

Muhim oʻzgarishlardan yana biri shundaki, davlat-xususiy sheriklik doirasida oilaviy bogʻchalar shaklida oʻqitishning muqobil modeli amalga oshirildi. Butun respublika boʻylab maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qisqa muddatli, yaʼni toʻliq kunli boʻlmagan guruhlar kabi taʼlimning muqobil shakli joriy etilmoqda.

Soʻnggi yillarda oʻqituvchi-muallimlarning obroʻsini oshirish, mavqeyini koʻtarish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Natijada maktab oʻqituvchilarining oylik maoshi bir yarim barobar koʻpaytirilganligi, davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotgan ustozlar soni oshib borishi, oʻqituvchi tayyorlaydigan hisobotlar, qogʻozbozliklar soni keskin kamaytirilganligining oʻzi ham taʼlimning bu bosqichida ulkan ijobiy oʻzgarishlarga zamin boʻldi. Islohotlar, oʻzgarishlar natijasida respublika boʻyicha qariyb 16 ming nafarga yaqin erkak oʻqituvchi maktablarga qaytdi.

Bu borada ichki ishlar organlari uchun munosib kadrlar tayyorlab beradigan IIV Akademiyasi va Malaka oshirish instituti faoliyatini tubdan yaxshilash boʻyicha ham chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yuqori kasbiy bilim va koʻnikmalarga ega, intellektual salohiyatli va jismonan yetuk yoshlarni tarbiyalash maqsadida vazirlik ixtisos­lashtirilgan maktab-internati, 14 ta akademik litsey va 1 ta «Temurbeklar maktabi» faoliyat yuritmoqda.

Ilmga, maʼrifatga tashna xalqmiz. Qonimizda joʻsh urib turgan shijoat ajdodlardan merosdir. Shunday ekan, dunyo sahniga yangi Oʻzbekis­ton timsolida yangi tamaddun bilan boʻylashmoqdamiz. Zero, uchinchi Renessans poydevorining mustahkam asosi boʻlib xiz­mat qiluvchi bugungi buyuk gʻoyalarda ana shunday ulugʻ maqsadlar mujassamdir.

 

Azizjon FAYZIYEV,

mayor.