Qashshoq bir qishloqda oʻgʻil farzand dunyoga kelibdi. Bola voyaga yetar ekan, soʻnib borayotgan mana shu maskanda istiqomat qiluvchi insonlarniki kabi uning ham yillari maʼnosiz, zerikarli oʻtardi. Ammo ajoyib kunlarning birida u tushida dengizni koʻribdi. Qishloqdagilarning hech biri hali umrida dengizni koʻrmagan, shuning uchun ham ularni dunyoning qaysidir yerida shunday bepoyon suv havzasi mavjudligiga ishontirish qiyin edi.
Yigit tushiga kirgan oʻsha dengizni izlab topishini aytganida, koʻpchilik chakkasida barmogʻini aylantirib, uni tentakka chiqardi. Biroq hech narsaga qaramay, u yoʻlga tushdi. Toki yoʻl toʻrt tomonga ayrilgan manzilga yetguncha, uzoq kezdi. Qahramonimiz toʻgʻriga olib boruvchi yoʻlni tanladi va bir necha kundan soʻng aholisi sokin, baxtiyor va farovon hayot kechirayotgan bir qishloqqa kelib qoldi. Bu yerdagi mehmondoʻst odamlar uni oʻzlari bilan qolishga koʻndirishdi. Yigit bir necha yil shu qishloqda yashadi. Lekin bir kuni yana tushiga dengiz kirdi va u oʻzining ushalmagan orzusini esladi. Yigit bu maskanni ham ortda qoldirib, yana yoʻlga tushishga qaror qildi. Hamma bilan xayrlashdi va oʻsha yoʻllar ayrilgan joyga bordi.
U ikkinchi yoʻlga qadam bosib, toki katta shaharga yetguncha uzoq yurdi. Bu yerdagi shovqinli va rang-barang hayot uni oʻziga maftun etdi. Shu manzilda qolishga qaror qilgan yigit yillar davomida oʻqidi, ishga kirdi, xursandchilikda yashadi va yana orzusini unutdi – toki kechalarning birida yana oʻsha tushni qayta koʻrmaguncha. U oʻz niyatini amalga oshirmasa, umri behuda sarflanishi haqida oʻyladi va yana yoʻlga chiqdi.
Bu safar tanlangan uchinchi yoʻl uni soʻqmoqdan bir oʻrmon sari boshladi. U yerdagi yagona yogʻoch uyning yonida bir goʻzal qiz dorga kir yoyish bilan ovora ekanini koʻrdi. Yigit sohibjamolga oshiq boʻldi, u bilan turmush qurdi. Ular birgalikda farzandlarni voyaga yetkazishdi.
Keksalik davri yetib, rafiqasidan judo boʻlgan otaxonning tushiga yana dengiz kirdi. Shunda u toʻrtinchi yoʻl qaerga olib borishi bilan qiziqib qoldi. Yana safarga otlandi. Holi yoʻq va kuchdan qolgan chol tik qiyalikdagi va juda toshloq yoʻldan arang yurib borardi. Ulkan togʻ etagiga kelib qolgan qariya tushidagi dengizni uzoqdan boʻlsa ham koʻrish umidida bir amallab yuqoriga koʻtarilishga qaror qildi. Bor kuchini toʻplab, bir necha soatdan soʻng zoʻr qiyinchilik bilan choʻqqini zabt etdi va atrofga nazar soldi. Qarshisida cheksiz manzara yastanib yotardi. Chol yuqoridan yoʻllar toʻrtga ayrilgan joyni, farovon hayot qaynayotgan qishloqni, ulkan shaharni va oxirgi yillar baxtli umr kechirgan oʻrmondagi kulbasini koʻrdi. Uzoqdan esa, ufq chizigʻi tutashgan joyda moviy va bepoyon dengiz koʻrinib turardi.
Qariyaning koʻzlaridan yosh chiqib ketdi, qalbi qattiq taʼsirlandi. U qadam qoʻygan har bir yoʻl dengizga olib borardi. Lekin u hech qaysi birini oxirigacha bosib oʻtmagandi...
Rus tilidan
Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
