Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻygan Oʻzbekistonda keyingi davrda Yurtboshimizning tashabbusi bilan keng koʻlamli islohotlar olib borilyapti. Mazkur islohotlardan koʻzlangan maqsadga toʻlaqonli erishish, oʻz navbatida, Asosiy qonunimizni yanada takomillashtirish zaruratini keltirib chiqardi. Mamlakatimizning taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos va ishonchli kafolat yaratish nuqtayi nazaridan Konstitutsiyaga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklifi ilgari surildi.

Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda xalqimizning fikri, takliflarini inobatga olish ikki bosqichda amalga oshirildi. Xususan, birinchi bosqichda fuqarolardan Konstitutsiya loyihasini shakllantirishga qaratilgan 60 mingdan ziyod takliflar olindi. Ikkinchi bosqichda esa Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Aholi ommaviy axborot vositalari, internet tarmogʻi orqali loyiha bilan tanishdi va fuqarolar tomonidan bildirilgan 220 mingdan ortiq takliflar qabul qilinib, ularning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy olganligi yangilangan Konstitutsiya tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi, uning yagona manbayi ham, muallifi ham xalq ekanlinining yana bir isboti boʻldi. Oʻzining buguni va ertasiga befarq boʻlmagan yurtdoshlarimiz joriy yilning 30-aprelida boʻlib oʻtgan muhim siyosiy tadbir – referendumda ishtirok etib, oʻz qarorini erkin ifoda qildi. «Oʻzbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni shu sanada oʻtkazilgan referendumda umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilingan, deb hisoblandi.

Yangilangan Konstitutsiya yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyati­mizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari­ga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etilishi va kafolatlanishi qayd etildi.

Yangi Konstitutsiyaning 20-moddasi beshinchi qismida «Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi» deyiladi. Bu qoidaning Bosh qomusimizga kiritilishi mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari hamma narsadan ustun ekanligini yaqqol tasdiqlaydi. Ayniqsa, davlat va inson oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniq­liklar turli tushunmovchiliklar, inson va fuqarolarning ortiqcha ovora­garchiliklari oldi olinadi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarlicha asoslar mustahkamlanadi.

Yangi Konstitutsiyaning 23-moddasida Oʻzbekis­ton fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga chiqarib yuborilmasligi yoki boshqa davlatlarga berilmasligi belgilangan. Bu esa fuqarolarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekanligiga ishonchini mustahkamlashga, oʻz yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldi olinishiga xizmat qiladi. Shuningdek, davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolishi hamda rivojlanishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishining belgilangani chet ellarda yashayotgan, ishlayotgan, taʼlim olayotgan vatandoshlarimizning Oʻzbekiston bilan doimiy aloqada boʻlishiga, tili, madaniyati, urf-odatlari va anʼanalarini saqlab qolish hamda rivojlantirishga, oʻzlarining tarixiy Vatani – Oʻzbekistonning obroʻsini yanada oshirishga oʻz hissasini qoʻshishiga xizmat qiladi.

Asosiy qonunimizning 27-moddasi uchinchi qismida hech kim sud qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yoʻl qoʻyilishi haqidagi qoida mustahkamlandi. Ayblanuvchiga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik, yaʼni «sukut saqlash» huquqi esa birinchi marta alohida belgilandi. 

Bugungi kunda xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari eʼtiboriga olib chiqayotgan eng taʼsirchan kuch, bu – ommaviy axborot vositalari, jurnalistlardir. Muhtaram Prezidentimiz ham oʻz chiqishlarida jurnalistlarni xalqning ovozi boʻlishida doim qoʻllab-quvvatlaydilar. Yangi Konstitutsiya­ning uchinchi boʻlim oʻn beshinchi bobi aynan ommaviy axborot vositalariga bagʻishlanadi. Unda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari kafolatlangan. 

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi ham qayd etilgan. Ushbu norma jurnalistlarning erkin, turli maʼmuriy bosimlardan qoʻrqmasdan faoliyat yuritishini taʼminlaydi. Yurtimizda axborot erkinligining yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlashga, kuchli jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyishga va soʻz erkinligini taʼminlashga erishiladi.

«Inson qadri uchun» tamoyili ayni damlarda yurtimizdagi har bir evrilish va islohotlarning bosh mezoniga aylanib ulgurdi. Yangi Konstitutsiyaning ikkinchi boʻlimidagi har bir modda ushbu tamoyilning har jihatdan toʻkisligini taʼminlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarishda, yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam zamin hozirlashda Asosiy qonunimiz ularga beqiyos imkoniyatlar ochib beradi. Zotan, Prezidentimiz aytganidek, «Insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerak».

Bir soʻz bilan aytganda, hayotimiz qomusi – yangi Konstitutsiyamiz barcha yutuq va marralari­mizning mustahkam huquqiy asosi. Koʻp ming sonli xalqimizning xohish-irodasi bilan yangilangan ushbu muhim hujjat, Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, Uchinchi Renessans uchun huquqiy poydevordir. Ana shu buyuk maqsadni amalga oshirishga munosib hissa qoʻshaman, degan har bir yurtdoshimiz, avvalo, ushbu poydevorga tayanib harakat qilishiga ishonchimiz komil. Demak, biz xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari dadil bormoqdamiz. 

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA.