Azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Xotirlash, qadrlash, hurmatlash tuygʻulari qon-qonimizga singib ketgan qadim qadriyatlari­mizning bir koʻrinishidir. Ushbu tuygʻu qalbimizdan joy olarkan, 

u avvalo, maʼnaviyatimizni boyitadi, hayotimizni ezgulik nurlari bilan yoritadi, avlodlarga hamisha toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadi.

9-may – Xotira va qadrlash kuni yurtimizda insonlar oʻrtasidagi mehr-oqibat ulugʻlanishining yorqin bir namunasi. Bu kunni xalqimiz xotira va qadrlashga eʼtibor sifatida yuksak qadrlaydi. Ushbu tadbir zamirida xalqimiz ong-u shuurida oʻtganlarni yod etish, tiriklarni qadr­lashdek ezgulik mujassam.

Ajdodlarimizning xotirasiga hurmat koʻrsatish, ularning ezgu ishlarini davom ettirish, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yurtimiz ravnaqiga oʻz namunasi bilan xizmat qilayotgan keksalarni eʼzozlash hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.

Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi yurtimizda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yoʻlida qurbon boʻlganlar xotirasini yod etish, bugun oramizda sogʻ-omon yashayotgan urush va mehnat faxriylariga gʻamxoʻrlik koʻrsatishning yorqin amaliy ifodasidir. 

II jahon urushida oʻsha paytda respublikamiz aholisini tashkil etgan 6 million 800 ming kishidan qariyb 

2 million nafari frontga safarbar etilgan. Shundan 538 ming kishi jang maydonlarida halok boʻlgan, 

158 ming nafar yurtdoshimiz bedarak ketgan, yana 100 ming odam­ning daragi hali ham topilgani yoʻq.

Ana shu 2 millionga yaqin jasur ota-bobolarimizning gʻalabaga qoʻshgan hissasi juda katta boʻlib, buni hech narsa bilan oʻlchab, qiyos­lab boʻlmaydi. Ulardan 214 ming 

nafari urushda koʻrsatgan ulkan jasorati uchun jangovar orden va medallarga, 301 nafari Qahramon unvoniga sazovor boʻlgani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi «Slava» ordeni bilan taqdirlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi. 

Mamlakatimizda mustaqil taraq­qiyot yillarida Ikkinchi jahon urushi 

ishtirokchilariga, front ortida mehnat qilgan faxriylarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik yanada kuchaydi. Xalqimiz qadim-qadimdan keksalar­ga yuksak hurmat koʻrsatib keladi. Chunki ular bizga hayotda toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadigan maslahatchila­rimiz, hayotimizga koʻrk boʻlguvchi tabarruk zotlardir. Xalqimiz tomonidan «Qarisi bor uyning parisi bor» degan hikmat bejiz aytilmagan. Bugun biz qariyalarimizni asrab-avaylashimiz, qoʻldan kelgancha ularga izzat-ikrom koʻrsatib, duolarini olishimiz, tinch va osoyishta kunla­rimizning qadriga yetib, shukronalar keltirishimiz zarur.

Urushda halok boʻlgan har bir oʻzbekistonlik – Vatanimiz farzandi 

edi. Ularni yoddan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yoʻq. Istiqlol yillarida 35 jildlik «Xotira» kitobi chop etildi, urush qurbonlarining nomi mamlakat poytaxtidagi Xo­tira maydoniga oʻrnatilgan «Temir daftar»ga zarhal harflar bilan bitib qoʻyildi.

Inson bor ekan, xotira – muqad­das. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Bu har qanday kishini maʼnan ragʻbatlantiradi, uni 

yashashga, yaratishga, el-u yurtga sadoqat va qatʼiyat bilan xizmat qi­lishga undaydi. Zero, xotira hamisha aziz, qadr muqaddasdir.

Xotira deganda, biz bu foniy dunyo­dan oʻtgan ajdodlarimizni eslash, ularning chirogʻini yoqib, ezgu ishlarini davom ettirishni 

tushunamiz. Bu xalqimizga xos azaliy fazilatdir.

Qadrlash degani – asrlar davomida ona diyorimizni, xalqimizning ozodlik va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi vatandoshla­rimizni yodga olmoq, ularga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatmoqdir. 

Taʼkidlash joizki, bu muborak kunda, xalqimizning asrlar davomida orzu-niyat qilib, intilib kelgani – hurriyat va ozodlik yoʻlida hayotini qurbon qilib shahid ketgan Toʻmaris, Shiroq, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, Namoz botir kabi xalq qahramonlarini, Qodiriy, Behbudiy, Munavvar qori, Choʻlpon, Avloniy, Fitrat, Usmon Nosir singari millatimiz fidoyilarini eslash ham qarz, ham farzdir.

Zero, tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq, deb bejiz aytilmagan. Vatan, millat, din yoʻlida jon fido qilgan ajdodlari­miz xotirasi bizlar uchun qanchalik ardoqli va muqaddas boʻlsa, keksalik yoshiga yetgan ulugʻlarimizning qadriga yetish, hurmatlarini joyiga qoʻyish ham shunchalik muhimdir.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramini nishonlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Har yili Oʻzbekis­ton Respublikasi Prezidentining «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida»gi farmoni hamda «Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorlari qabul qilinadi. Shu asosda mazkur bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga maʼlum miqdorda bir martalik pul mukofoti berish yoʻlga qoʻyilgan. 

Shuningdek, yolgʻiz va kam taʼminlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turarjoyi va uy xoʻjaliklarini taʼmirlash, obodonlashtirish hamda oʻz uy-joyiga ega boʻlmaganlarga turarjoy ajratish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Davlat tarafidan koʻrsatilayotgan bu gʻamxoʻrliklarning barchasi umum­xalq bayrami mazmunidagi qadrlash mohiyatining amaliy jihatini yaqqol namoyon etadi.

Bu dunyoda bir buyuk haqiqat bor: kelajak avlodlarning erkinligi, tinchligi va baxt-u saodati yoʻlida qilingan mardlik va jasorat xalqimiz xotirasida abadiy saqlanib qoladi. Urush va mehnat fronti faxriylarini eʼzozlash, ularning xotirasini abadiylashtirish biz uchun hamisha muqaddas burchdir. Bugun biz oʻz faxriylarimiz va qahramonlarimizga chuqur ehtirom koʻrsatmoqdamiz. Jang maydonlaridan qaytmaganlar va front orqasida mehnat qilganlar xotirasi oldida bosh egamiz. Ularning ismlari qalbimizda abadiy qoladi.

Gʻayratulla SHUKUROV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.