Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
(9 may – Xotira va qadrlash kuni)
Urush arafasida mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan boʻlsa, shundan 2 millionga yaqini urushda bevosita ishtirok etgan. Yaʼni, yosh goʻdak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan koʻprogʻi qoʻliga qurol olib, jang maydonlarida qatnashgan va bu dahshatli urushda qariyb 500 ming nafardan ziyod yurtdoshimiz urushda halok boʻlgan. Urushdan 60 ming nafardan ortiq hamyurtimiz nogiron boʻlib qaytgan. 120 mingdan ortiq Oʻzbekiston farzandlari frontda koʻrsatgan jasorati uchun jangovar orden va medallarga sazovor boʻlgan.
Oʻtganlarni xotirlash, tiriklarni qadrlash – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biridir. Ajdodlar nomini yod etish, xotirasiga hurmat bajo keltirish, ularning ruhlarini shod qilish qon-qonimizga singib ketgan.
Vatanimizning uzoq tarixidan buguniga qadar shu yurt, shu xalq deb kurashgan, kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak boʻlsa, shu yoʻlda jon fido qilgan ne-ne buyuk zotlar oʻtgan. Ularning porloq xotirasi yodga tushaveradi.
Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylandi. Ushbu bayramda Vatan ozodligi yoʻlida Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirlanadi, Afgʻoniston urushida halok boʻlganlar shoʻro siyosatining begunoh qurbonlari sifatida eslanadi. Umuman, oʻtganlar ruhi yodga olinadi, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida mardlarcha halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish hamda ichki ishlar organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi. El-yurtimizning tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar esa hamisha xalqimiz ardogʻidadir.
Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan «Gʻalaba bogʻi» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi ekspozitsiyalari xalqimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va matonatini, yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etish hamda yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
«Gʻalaba bogʻi» urush va uning oqibatlari, urush davri manzaralari, jumladan, okop, blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan. Majmuada oʻsha davrdagi harbiy texnika hamda qurol-yarogʻlar, Oʻzbekiston xalqining front va front ortida koʻrsatgan jasorati, mashaqqatli mehnati, qaygʻu-alami, shuningdek, erishilgan buyuk gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasi ifodalangan.
Urushda halok boʻlgan har bir oʻzbekistonlik – Vatanimiz farzandi edi. Ularni yoddan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yoʻq. Urush qurbonlarining nomi mamlakat poytaxtidagi Xotira maydoniga oʻrnatilgan Xotira kitobiga zarhal harflar bilan bitib qoʻyildi.
Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarda, ona diyorimizni, xalqimizning istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik hamda shijoat bilan himoya qilgan fidoyi yurtdoshlarimizga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, hurmat-ehtiromda bu jihatlar yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda. Shu bois oʻtganlar xotirasini eʼzozlash, bugungi tinch, osoyishta, dorilamon kunlarga yetishimizda fidoyilik koʻrsatgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida mehnat qilgan faxriylar, nuroniy otaxonu onaxonlar holidan xabar olish, ularga moddiy va maʼnaviy koʻmak berish ezgu anʼanaga aylangan.
Yurtimizda hali hamon Vatanimizning porloq kelajagi yoʻlida hissa qoʻshayotgan keksalarimiz talaygina. Ular fidoyilik bilan xizmat qilishning yuksak namunasi boʻlgan, butun hayotini el-yurt ravnaqiga, adolat va ezgulik tantanasiga bagʻishlagan. Yoshlarimizni yurtga daxldor va haqiqiy vatanparvar qilib tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshmoqda. Ular fashizm balosiga qarshi mardona kurashgan, gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshgan, oʻz hayotini yurtimiz, elimiz hurligi, xalqimiz farovonligiga bagʻishlagan Vatanimizning haqiqiy qahramonlaridir. Olovli yillarda mardlik va qahramonlik namunalarini koʻrsatgan, keyinchalik xizmatni ichki ishlar organlarida davom ettirgan urush qahramonlarining nomlarini faxr bilan aytib oʻtishimiz mumkin.
Butun dunyoda millionlab insonlar halok boʻlishiga sabab boʻlgan, mislsiz yoʻqotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirgʻin boʻlganini hech kim unutmaydi.
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarida, keyinchalik Toshkent viloyatining chegara hududlariga bostirib kirgan terrorchi gʻalamislarga qarshi janglarda qahramonlarcha halok boʻlganlar orasida ichki ishlar organlari xodimlari ham bor edi. Toshkent shahrida sodir etilgan terrorchilik oqibatida ham bir nechta osoyishtalik posbonlari bu dunyodan koʻz yumdi. Shuningdek, ashaddiy jinoyatchilar bilan olishuv vaqtida ham bir qancha xodimlarimiz mardlarcha halok boʻldi. Ularning xotirasi abadiy saqlanib qolajak, albatta.
Xotira soʻzining qadr kalomi bilan yonma-yon ishlatilishi bejiz emas. Yurtimizda aholi manfaatlarini taʼminlash, ayniqsa, yolgʻiz qariyalar, pensioner, nogiron, boquvchisini yoʻqotgan va kam taʼminlanganlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ular holidan xabar olish, gʻamxoʻrlik koʻrsatishga ham alohida eʼtibor beriladi. Binobarin, Konstitutsiyamizda va qator qonun hujjatlarida bu boradagi meʼyorlar mustahkamlab qoʻyilgani, amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini yanada kengaytirmoqda.
Yolgʻiz pensionerlar va nogironlarni davolash, sogʻlomlashtirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Ularning turmush sharoitini yanada yaxshilash uchun zarur qulayliklar yaratilmoqda. Bu toifadagi insonlar davolanishi uchun moʻljallangan tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Prezidentimizning har yili Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish yuzasidan farmoniga koʻra faxriylarimizning har biri munosib ragʻbatlantiriladi.
Xotira va qadrlash kunini munosib nishonlashdan koʻzlangan asosiy maqsad – Vatan himoyachilarini xotirlash, fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini taʼminlash uchun ter toʻkib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilishdan iborat.
Bu har qanday kishini maʼnan ragʻbatlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qatʼiyat bilan xizmat qilishga undaydi. Zero, xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.
Sarvar SOBIROV.
