Psixologiyada xotira – insonning bilish qobiliyatlari majmui, yaʼni, maʼlumotni yodlash, toʻplash va koʻpaytirish qobiliyatlari jamuljamidir. Bu shuni anglatadiki, har qanday maʼlumot dastlab miyada toʻplanadi, keyin unda saqlanadi, bu esa uni yanada koʻpaytirishga imkon beradi. 

Hozirgi vaqtda xotirani rivojlantirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi, chunki telefon, kompyuter va planshet kabi gadjetlar shaxsning oʻrniga juda koʻp funksio­nal vazifalarni bajarmoqda. Bu esa, oʻz oʻrnida, ayrim shaxslarda xotira bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Xotiraning qisqa muddatli va uzoq muddatli turlari mavjud. Qisqa muddatli xotira inson xotirasining bir turi boʻlib, bunda ozgina maʼlumotlarga ega boʻlish mumkin. Masalan, telefon raqamining 7 ta sondan iboratligiga sabab – qisqa muddatli xotira miqdori oʻrtacha 7+2 ta maʼlumotni saqlaydi. Uzoq muddatli xotiraning maʼlumot saqlash miqdori mavjud emas.

Taʼkidlash joizki, inson hayotining birinchi yillarida sodir boʻlgan voqealarni eslab qolishining iloji yoʻq. Gap shundaki, miyaning xotira uchun masʼul boʻlgan sohalari hali toʻliq shakllanmagan, yaʼni, fiziologik jihatdan xotira chaqaloqlik va erta bolalik voqealarini saqlay olmaydi. 

Eʼtibor qilish lozim boʻlgan yana bir jihat, inson xotirasi toʻliq tushunilmagan. Ammo uning mexanizmi qanday ishlashini ishonch bilan aytish mumkin: yodlash; saqlash; eʼtirof etilgandan keyin koʻpaytirish; unutish.

Axborotni yodlashning ikki turi mavjud: ixtiyoriy va beixtiyor. Ixtiyoriy yodlash alohida ahamiyatga ega. Unga sheʼrlar, tarixiy sanalar, matematik formulalar kiradi. Bunday holda motivatsiyaning roli katta. 

Beixtiyor yodlashni oldindan aytib boʻlmaydi. Misol uchun, shaxs koʻrgan, eshitgan, tegingan narsalarini eslaydi. Baʼzi maʼlumotlar uzoq muddatli xotira boʻlimiga tushadi, boshqalari kerak boʻlmagani uchun yoʻq qilinadi va shaxs undan foydalanmaydi. 

Xotirani mustahkamlashning bir necha usullari mavjud. Rasmlarni eslab qolish samarali mashqlardan biridir. Bunday mashqni oʻtkazish uchun biron bir qiziqarli rasmni tanlab olish kerak boʻladi. Xotirani kuchaytirish uchun eng yaxshi mashq – sanash. Bu ancha samarali usul boʻlib, 1 dan 20 gacha yoki 20 dan 1 gacha boʻlgan sonlarni parallel ravishda sanash kerak. Agar inson sonlarning boshqa tillardagi talaffuzini bilsa, parallel ravishda ona tili va boshqa tilda sonlarni sanash xotirani tiklashga tezroq yordam beradi.

Xotirani yaxshilash uchun foydali usullardan yana biri «chapaqay qoʻl» mashqini bajarishdir. Chapaqay insonlar uchun oʻng qoʻlni, oʻnaqaylar uchun esa chap qoʻlni koʻproq ishlatish talab etiladi. Bunday mashq bilan miyaning ishlashi kuchayadi va xotira tiklanishi yaxshilanadi.

Har bir kasbda, xuddi shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatida xotiraning oʻrni alohida muhimdir. Shundan kelib chiqqan holda, quyida kasbga oid zarur maʼlumotlarni eslab qolish samaradorligini oshirish usullariga toʻxtalib oʻtamiz.

Yodlash. Katta hajmdagi, eslab qolish qiyin boʻlgan maʼlumotlarni odam «ichida» yoki fikran takrorlashi orqali uning xotirada aniq saqlanib qolishiga erishish mumkin.

Anglash. Har qanday maʼlumot, agar u anglangan boʻlsa, esda yaxshi saqlanib qoladi. Eslab qolinadigan maʼlumotdagi maʼnoli aloqalarni aniqlashga «Nima uchun?» degan savolni qoʻyish yordam beradi.

Qonuniyatlarni izlash. Bu raqamli maʼlumotlarni, masalan, avtomashina va telefon raqamlarini eslab qolishni osonlashtiradi. Ushbu usul eslab qolinadigan maʼlumotda muayyan qonuniyatni – maʼnoli, raqamli va boshqa qonuniyatlarni topishga asoslanadi.

Analogiya, oʻxshashliklardan foydalanish. Yangi maʼlumotni maʼlum maʼlumot bilan qiyoslash doimo uni eslab qolishni osonlashtiradi. Bunda obyekt nimaga oʻxshashini aniqlash lozim boʻladi.

Obrazli tasavvur. Soʻzda ifodalangan maʼlumotni tasavvur qilish orqali eslab qolish ancha oson.

Xayolan gapirish. Qidirilayotgan shaxsning surati, mashinalarning raqamlarini eslab qolayotganda, fikran, ichki nutqida «gapirsa», shaxsning yuzidagi ayrim jihatlarni taʼkidlasa, xotirada mustahkamroq va aniqroq saqlanib qoladi.

Modellashtirish. Bunda mantiqiy aloqalar yordamida betartib faktlar yagona tizimga birlashtiriladi. Ana shu tizim eslab qolish uchun model boʻlib xizmat qiladi. Taxminni ilgari surish orqali boʻlgan voqea qayta gavdalantirilsa, modellashtirilsa, kerakli maʼlumotni yaxshi eslab qolishga yordam beradi.

Oqibatlarini tasavvur qilish orqali xotirani faollashtirish. Kerakli maʼlumot xotirada saqlab qolinmasa (yoki, aksincha, saqlab qolinsa) nima boʻlishini tasavvur qilish ham yaxshi samara beradi.

Tartibga keltirish. Ilgari esda olib qolingan maʼlumotni endi esda olib qolish kerak boʻlgan maʼlumot bilan bogʻlash ularning xotirada ishonch­liroq saqlanib qolishiga imkon beradi.

Unutish orqali eslab qolish. Nimanidir unutishni istasak, biz ana shu narsaga diqqatimizni jamlaymiz va natijada uni esda olib qolamiz. Xayolan yoqtirgan odamingizni dushmaningiz deb tasavvur qilishga harakat qilib koʻring... Tasavvur qildingizmi? Endi esa uni miyangizdan chiqarib tashlashga harakat qiling. Siz bu toʻgʻrida oʻylamaslikka qan­chalik koʻp harakat qilsangiz, u sizni shunchalik kuchliroq taʼqib etadi.

Vaziyatni jismonan tiklash. Goʻyoki «oʻsha joyning oʻzida boʻlib qolish» va u yerdagi narsalarni, masalan, kerakli tartibda joylashtirish lozim. Koʻrish tasavvurlariga tayanish zarur narsalarni eslashni osonlashtiradi.

Vaziyatni xayolan esga tushirish. Har doim ham oʻsha sharoitda jismonan boʻlish, ahvolni jismonan esga tushirishning imkoni boʻlmaydi. Ammo butun vaziyatni uning qismlari boʻyicha xayolan tasavvur qilish, esga tushirish orqali maʼlumotni eslash mumkin.

Vaziyatlarni saralab tanlash.  U kim? Eslolmaysiz... Shunda u kishini qayerda koʻrgan boʻlishingiz mumkinligini tasavvur qiling: boʻlimda, uyingiz hovlisida, transportda va hokazo. Vaziyatlarni saralash chogʻida sizni qiziqtirayotgan shaxs haqidagi maʼlumotlar ham chiqib keladi.

Voqealar ketma-ketligini xayolan esga tushirish (uzilgan zanjirni tiklash). Xotirada voqealarning butun ketma-ketligini tiklash zanjirdagi yoʻqolgan halqani topishga yordam beradi. Qidirilayotgan maʼlumot saqlanishi kerak boʻlgan maʼlumotlarning xayoliy zanjiridagi barcha halqalarni ketma-ket tekshirib chiqing. Zanjirda kemtik topganingizda, undan sakrab oʻting, oldinroqqa oʻting, soʻngra orqaga qayting. Agar halqa tiklanmasa, xotirangizni uzoq vaqt zoʻriqtirmang – buning yordam berishi dargumon.

Xulosa oʻrnida shuni aytish joizki, har bir shaxs, u qaysi kasb egasi boʻlishidan qatʼi nazar, maʼlum bir maʼlumot bilan oʻz xotirasini band qiladi. Bu maʼlumot qanchalik kerak yoki keraksizligini aniqlash esa oʻz qoʻlingizda.


Doniyor MIRZAXMEDOV,

kapitan.