Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Butun dunyo davlatlari qatori, mamlakatimizning ham «yashil» iqtisodiyotga oʻtishi masalasi eng muhim hayotiy zaruriyat boʻlib turibdi. Koʻpchilik vatandoshlar «yashil» iqtisodiyotni energetika sohasini isloh qilishdan iborat deb hisoblashadi. Vaholanki, uning ichiga toza ichimlik suvi muammolari, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligidagi innovatsiyalar, ekologik barqaror shaharlar, chiqindilarni oqilona boshqarish, oʻrmon hududlarini kengaytirish, choʻllanishni qisqartirish kabi koʻp qirrali va keng qamrovli chora-tadbirlar ham kiradi.

Jahon tajribasidan maʼlumki, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida «yashil» texnologiyalarni joriy etish aholi farovonligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Buning natijasida shaharlardagi yashash qulaylashadi, bolalar oʻlimi qisqaradi, oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi uzayadi. Lotin Amerikasi va Afrikaning ayrim mintaqalarida hatto tashqi migratsiya oqimlari qisqarib, inson kapitalining rivojlanishi kuzatilgan.

Inson faoliyatining tabiatga taʼsiri darajasini aks ettiruvchi koʻrsatkich – «ekologik iz» taraqqiyotni belgilab beruvchi obyektlarni barpo etish, isteʼmol uchun zarur neʼmatlarni ishlab chiqarish maqsadida qanchalik koʻp miqdorda mahsuldor yer va toza ichimlik suvidan foydalanayotganimiz hamda chiqindilar hosil qilayotganimizni ifoda etadi. «Yashil» iqtisodiyot oʻziga xos iqtisodiy model sifatida shu talablarga javob berishga qaratilgan. Tabiat bilan uygʻunlikda faoliyat yuritish, resurslardan barqaror va samarali foydalanish, energiya manbalariga tegishli muammolarni hal etish va ekologik xavflarni minimallashtirish – bularning bari «yashil» iqtisodiyotning asosiy maqsadlari boʻlib, ular barqaror rivojlanishga erishish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga yordam beradi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlari hamda Iqlim boʻyicha Parij bitimiga ham qoʻshilgan. Har ikkala hujjat milliy hukumatlar zimmasiga «yashil taraqqiyot» talablarini bajarish majburiyatini yuklaydi. Bu, ertami-kechmi, «yashil» iqtisodiyotga baribir oʻtishimiz kerakligini anglatadi.

Hamyurtlarimizning fikr-mulohazalari, xohish-istaklari atroflicha oʻrganilib, bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, bu boradagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida 2025-yil yurtimizda «Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili» deb eʼlon qilindi. Prezidentimizning «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmoni qabul qilindi va unda bir qator vazifalar belgilab berildi.

 

Farmonga koʻra, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga oʻtishdagi harakatlarini ragʻbatlantirish maqsadida 2025-yil 1-avgustdan boshlab quyidagi tartib joriy etilishi nazarda tutildi:

birinchi bosqichda – atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalarini oʻrnatgan korxonalarga:

tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechish;

tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining

50 foizigacha boʻlgan qismini ikki yil davomida qaytarish;

ikkinchi bosqichda – monitoring stansiyalarini oʻrnatgan korxona kelgusi bir yil davomida chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarini oʻrnatganda, tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining 70 foizigacha boʻlgan qismini ikki yil davomida qaytarish belgilangan.

 

Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan beriladigan xulosa asosida taqdim etiladi.

2025-yil 1-noyabrga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan xoʻjalik faoliyatini yurituvchi korxona va tashkilotlar tomonidan yetkazilgan ekologik zararlarni majburiy sugʻurtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilangan. Shuningdek, farmon ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi zimmasiga yuklangan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilishi belgilangan.

«Yashil» iqtisodiyot innovatsion va ekologik tozalikka asoslangan model hamdir. Chunki u energiya va resurslardan samarali foydalanish jarayonlarini ishga soladi. Bu ishlab chiqarish jarayonlarida xomashyo va energiya sarfini kamaytirish orqali moliyaviy tomondan foyda berishi ham mumkin.

Oʻzbekistonning energetika siyosatida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan yoʻnalishlar koʻzda tutilgan. Moliyalashtirish sohasida «yashil» moliyalashtirish konsepsiyasi joriy qilindi va bu davlatning «yashil» iqtisodiyotga oʻtish yoʻlidagi muhim qadamlaridan biridir. «Yashil» iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan investitsiya miqdori ham yuqori surʼatlarda koʻpaymoqda.

«Yashil» iqtisodiyot konsepsiyasining maqsadi – barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash va investitsiyalar faolligini oshirish bilan bir vaqtda, atrof-muhit muhofazasi va ijtimoiy integratsiya sifatini yaxshilash hisoblanadi. Bu tabiatga zarar yetkazmasdan va kelajak avlodlar uchun barqaror muhitni saqlab qolishga qaratilgan iqtisodiy tizimni barpo etishdir.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ekilib, yashillik miqyosini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish maqsadi belgilangan. Xususan, ekologik muhit eng ogʻir boʻlgan Orolboʻyida hozirgi paytda yashil qoplama 2 million gektardan oshdi.

Yurtimizda quyosh energiyasi sohasida investitsiyalar aniq dinamika bilan oʻsmoqda. Masalan, Namangan viloyatidagi quyosh stansiyasi va Toshkent viloyatidagi quyosh panellari loyihalari amalga oshirilgan. Bunday loyihalar mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirishga va uglerod emissiyasini kamaytirishga katta hissa qoʻshadi.

Mamlakatimizning energetika sektoridagi islohotlar, yangilanadigan energiya manbalariga sarmoyalar kiritish, quyosh va shamol energiyasini faol joriy etish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik – bularning barchasi yurtimiz iqtisodiyotini ekologik jihatdan tozalash va uzoq muddatda barqarorlashtirish uchun qoʻyilayotgan muhim strategik qadamlardir.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, respublikamizning «yashil» iqtisodiyotga oʻtish jarayoni eng muhim ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilgan ilgʻor tashabbuslar bilan quvvatlanmoqda. Uni amaliyotga tatbiq etish mamlakatimizning ekologik xavfsizligi va barqarorligini taʼminlash, tabiiy resurslarni tejash imkonini berish bilan bir qatorda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarining rivojlanishida, aholimiz farovonligining yanada oshishida alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.