Bir kambagʻal hind ayoli har kuni ertalab ikki dona non pishirardi. Biri oila aʼzolari uchun, ikkinchisi esa qoʻshimcha, tasodifiy yoʻlovchilar uchun. U har doim ikkinchi nonni deraza tokchasiga qoʻyar, oʻtib ketayotgan har kim undan bahramand boʻlishi mumkin edi.

Ayol tokchaga non qoʻyar ekan, yaxshiroq daromad olib kelish uchun uydan chiqib, dom-daraksiz ketgan oʻgʻli uchun duo qilardi. U bir nech oy davomida dilbandi qaerda, qay ahvolda ekanini bilmasdi. Shunchaki oʻgʻlining sogʻ-omon qaytishini soʻrab ibodat qilardi.

Tez orada ayol derazadagi ikkinchi nonni bir bukur odam kelib, olib ketayotganini payqab qoldi. Biroq bu kishi minnatdorlik soʻzlari oʻrniga faqat: «Qilgan yomonliging oʻzingda qoladi, yaxshiliging esa qaytadi!» deb gʻoʻldirar va yoʻlida davom etdi.

Uy bekasi bu holatni yana bir necha kun kuzatdi. Biron marta ham minnatdorlik eshitmagani uchun jahli chiqdi. Undan koʻra nonni boshqa bir yoʻlovchi olib, tashakkur bildirishi va duo qilishi mumkinligini oʻyladi. 

– Bu bukur har doim bir xil gapni aytadi! Bu bilan nimani nazarda tutar ekan? – hayolidan oʻtkazdi u.

Kunlardan birida bu vaziyatdan achchiqlangan ayol, bukurdan qutulishga qaror qilibdi va ikkinchi nonga zahar qoʻshib tayyorlabdi. Ammo uni derazaga qoʻymoqchi boʻlganida birdan qoʻllari titrab ketibdi. «Nimalar qilyapman oʻzi?» – oʻz qilmishidan uyalibdi u va shu zahotiyoq zaharli nonni olovga tashlab, boshqasini tayyorlabdi va tokchaga qoʻyibdi.

Odatga koʻra uy yoniga kelgan bukur odam oʻz nasibasini olibdi va yana oʻsha soʻzlarni takrorlabdi: «Qilgan yomonliging oʻzingda qoladi, yaxshiliging esa qaytadi!»

Oʻsha kuni oqshom mahali kimdir eshikni taqillatibdi. Ayol ochib qarasa, ostonada oʻgʻli turgan emish. Uning koʻrinishi bir alfozda: ozib-toʻzib ketgan, sochlari oʻsgan, juda zaif va holsiz ahvolda edi. 

– Onajon, – dedi u, – qarshingizda turganimning oʻzi bir moʻjiza! Uyga qaytish yoʻlida bor ishlab topgan pullarimni oʻgʻirlab, meni esa doʻpposlab, ovloq bir joyga tashlab ketishdi. Bir necha kun hushsiz yotdim, soʻngra oʻzimga kelib, och-nahor yoʻl bosdim. Uydan atigi bir chaqirimcha uzoqda ochlikdan madorsiz yotganimda bir bukur kishi meni koʻrib qolibdi. U menga gʻamxoʻrlik koʻrsatib, yaralarimni bogʻladi va qoʻlidagi birgina nonni men bilan baham koʻrdi. Agar shu odam boʻlmaganida, halok boʻlishim tayin edi...

Bu soʻzlarni eshitgan ona oʻgʻlini mahkam bagʻriga bosibdi, rangi dokadek oqarib, tongda tayyorlagan zaharli nonni yodga oldi. Axir uni olovga tashlamaganida, hozir yolgʻiz zurriyodidan ajrab qolgan boʻlardi. Ona bu dahshatli hayoldan oʻzi qoʻrqib ketibdi.

Ana oʻshandagina ayol bukur aytgan soʻzlarning asl maʼnosini anglab yetdi: «Qilgan yomonliging oʻzingda qoladi, yaxshiliging esa qaytadi!».

Qissadan hissa:

Har doim faqat va faqat yaxshilik, ezgu amal qilishga intiling. Kimgadir yomonlik qilishdan qoching. Bosilgan har bir qadam insonni baxt yoki musibat sari boshlaydi. Shunchaki bu odimni toʻgʻri yoki notoʻgʻri qoʻyish oʻzimizga bogʻliq! 

Rus tilidan 

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.