Men Chilonzor tumani IIOFMB 2-sonli IIB HPB inspektori lavozimida xizmat qilaman. Bolaligimdan kitoblarni sevib mutolaa qilaman. Bu odat hamon meni tark etgani yoʻq. Ish stolimda doim biror adabiyot turadi. Yaxshi asarlarni boshqalarga ham ilinaman. Oʻqishlarini tavsiya qilaman. Hamkasblarim bu odatimni yaxshi bilishadi. Tizimda oʻtkazib kelinadigan kitobxonlik tanlovlarida faol ishtirok etaman.
Maʼlumki biror kitob oʻqigan kishi, anchagacha uning taʼsirida yuradi. Menda ham xuddi shunday boʻladi. Yozuvchi Ulugʻbek Hamdam asarlarini shunchaki oʻqish mumkin emas, chunki har bitta jumla — rebus, ortida bir dunyo fikr yotadi. Ularni tushunib yetish uchun har bir jumlaning kalitini topishga, magʻzini chaqishga toʻgʻri keladi. Aks holda, qoniqish hissini tuymaysiz. Asarlarni tushunish yoʻlida oʻquvchidan nafaqat keng dunyoqarash, tafakkur, balki gʻayrioddiy qarashga ham ega boʻlish talab etiladi. Ijodkorning «Yaxshiyam, sen borsan» hikoyasi ham ana shunday mahorat bilan yozilgan.
Dunyo odamzodni bozor kabi aldaydi, aldanadi, oʻgʻirlaydi, oʻgʻirlatadi, oladi, beradi, sotadi, sotib oladi... Bozorga kirib qolgan kishi vaqt oʻtganini bilmay qoladi. Kirishga kiradi-yu, chiqqisi kelmaydi. Kezgan sari kezgisi, aylangisi, imkoni boʻlsa, qolgisi kelaveradi. Hikoya qahramonlari Yusuf va Zulayho ham kirish bor-u, chiqish yoʻq «bozor» changaliga tushib qoladi…
Asarda aytilayotgan bozor chindan ham dunyo ramzi. Bozorga kirdikmi, yaʼni
dunyoga keldikmi, rastalarni aylanamiz, turfa xil narsa-buyumlarni, yaxshi-yomon odamlarni koʻramiz. Ikki sevishgan kabi ularning jim-jimasiga aldanamiz. Oqibatda chiqish yoʻlini izlayotganimizni, asl maqsadimiz nima ekanini butkul unutamiz.
Asar qahramoni Zulayho bekorga zeb-ziynat, Yusuf esa boshqarmaning qutqusiga uchmadi. Ayol kishi chiroyli yaltir-yultur narsaga, asosan tilla buyumlarga oʻch boʻladi. Bunday narsaga havaslanmaydigan, koʻzi kuymaydigan ayol boʻlmasa kerak. Erkaklar esa boshqaruvga, yuksak mavqega, qudratga ishqiboz. Erkakni ayni shu omillar bilan mahliyo qilish oson edi. Shu sababdan ham yigit va qizni yoʻldan ozdirish uchun ayni shu narsalar yoʻliqtirildi.
Inson yashashda davom etarkan, u turli sinov-imtihonlarga duch keladi. Yonida aqlli va dono, birozgina jasoratli yaqin insoni boʻlsa, bunday sinovlardan oʻtishi oson kechadi. Yusuf va Zulayho bir-biri uchun ana shunday inson vazifasini oʻtadi.
Hikoyadagi chiqish yoʻli qabriston orqali oʻtilishi ham bejiz emas. Inson bu dunyo gʻalvalaridan vafotidan soʻng qutuladi. Faqat qanday vijdon bilan, qanday yaxshi-yomon amallar bilan chiqib keta olishi uning tanloviga bogʻliq. Zulayho oʻtkinchi havaslarga berilib, Yusuf kibr-havoga yoʻliqib qolishlari ham mumkin edi. Ammo ikkisi ham bir-biriga qoʻldosh boʻlib bunday xavfdan qutulib qoladi va toza vijdon bilan oʻz yoʻllarini topib boradi...
Kitobdan olgan taassurotlarim bir olam. Eng asosiysi, nima boʻlganda ham, nima bizni yoʻldan chalgʻitsa ham, maqsadimizdan qaytmasligimiz, yoʻlimizni yoʻqotmasligimiz juda muhimligini yanayam teranroq anglab yetdim.
Diyora RAIMOVA,
leytenant.
Toshkent shahri.
