Jadidlar izidan
Jadidlik harakati, xususan, jadid adabiyoti tarixiga sobiq ittifoq davrida turlicha yondashuv bilan qaraldi. Oʻsha paytdagi mafkura korchalonlari bu harakatni gʻayriilmiy ravishda baholadi. Bir necha avlodga oʻz bobolari «dushman» sifatida tanitildi. Aslida jadidlik harakatining asos-negizida millat va Vatan tuygʻusi, istiqlol va istiqbol qaygʻusi mujassam. Shunday gʻoya va fikri uchun jadidlar qamaldi, surgun etildi, qatagʻon qilindi.
Jadidlik harakati faollaridan biri isteʼdodli shoir va jamoat arbobi – Botu (Mahmud Hodiyev) edi. U oʻzining tarjimai holida: «Men Botu – Mahmud Maqsudovich Hodiyev 1904-yil 14-mayda Toshkentning «Qaldirgʻoch» mahallasida mahsidoʻz – kambagʻal oilasida tugʻilganman…» deb yozadi. Boshlangʻich taʼlimni eski usuldagi maktabda olgan Botu dastlab Moskvadagi Pokrovskiy nomli institut qoshidagi ishchilar fakultetida (1921), soʻngra Moskva davlat dorilfununining iqtisod fakultetida oʻqib, oliy maʼlumotli boʻlib yetishadi. Shundan keyin u oʻsha yillarda Respublika poytaxti Samarqandga qaytib, adabiy va ijtimoiy faoliyat bilan mashgʻul boʻladi: partiya va davlat muassasalarida faollik koʻrsatib, yoshlarning «Alanga» jurnaliga muharrirlik qiladi.
Adabiyotga boʻlgan mehr Botuga onasi Zayniddin qizi Toʻxtaxondan oʻtgan. U ijodiy faoliyatini 1920-yillarda boshladi. 1921-yilda «Fargʻona» gazetasida muharrirlik qildi.
1925-yili Toshkentda uning «Umid uchqunlari», sheʼriy toʻplami nashrdan chiqadi. Mana shu toʻplam sabab Abdurauf Fitrat shogirdiga «Botu» adabiy taxallusini beradi. 1929-yilda esa uning «Toʻlqinlarim» sheʼriy toʻplami chop etildi. Toʻplamlaridagi sheʼrlarida yosh shoirning samimiy va hayajonli tuygʻulari ifoda etilgan.
Shuningdek, hikoyalari, publitsistik maqola va ocherklari «Bilim oʻchogʻi», «Inqilob», «Alanga», «Maorif va oʻqituvchi» singari jurnallarda chop etiladi. Adibning bolalar adabiyotiga bagʻishlangan «Bolalar yolgʻoni», «Mening kitobim» kabi hikoyalar toʻplami ham mavjud.
Botuning sheʼrlarida porloq, ozod kelajak uchun kurash asosiy gʻoyaga aylanadi. Xususan, «Qoʻzgʻolish», «Isyon», «Bizning tovush», «U kun», «Yosh yurak toʻlqinlari» kabi oʻnlab sheʼrlarida hayot, kurash, kelajak tushunchasi bosh mavzudir. Binobarin, shoir oʻz yurti, eli osmonini musaffo koʻrishni xohlaydi:
Yirtilingiz, ey yaramas,
qora qalin pardalar,
Hech yovuqsiz yulduzlarning
nurli yuzi ochilsin!
Yoʻqolingiz, yorugʻlikni
toʻsaturgan bulutlar,
Yurtimizga eng yuksakdan
yorugʻliklar sochilsin!
Botuning ijodiy faoliyatiga Moskvadagi yillar katta taʼsir koʻrsatdi. U yerda Botu zamonasining yetuk adiblari Fitrat va Choʻlponlar bilan muntazam aloqa qilib turdi. Hatto Choʻlpon uning oʻgʻliga ism qoʻyib berdi. Fitrat uni adabiyot bilan shugʻullanishga undagani haqida oʻzining tergov materiallarida qayd etib oʻtgan.
Sheʼrlarida millatni rivojlanishga, ilm olishga, maʼrifatga chaqiriq yetakchilik qilgan. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida uning jadidlar yetuklaridan boʻlgan Munavvarqori ijodidan ilhom olganligi qayd etilgan. Botu Oʻzbekistonda arab alifbosidan lotin alifbosiga oʻtish tarafdorlaridan biri boʻlgan. U Turkiston va Oʻzbekistondagi siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etgan. Shuning uchun ham uning ishchilar fakultetini tugatib, Toshkentga qaytishi matbuotda katta shov-shuv boʻlgan.
«Turkiston» gazetasining 1923-yilgi 21-iyul sonida «Oʻrtoq Botu Turkistonga qaytdi» sarlavhali maqolasida quyidagilar keltiriladi: «Yosh shoirimiz oʻrtoq Botu bu yil Moskovdagi birinchi hukumat dorilfununi ishchilar fakultetini bitirdi. Bu fakultet Rusiya oʻrta maktablarining birinchisi sanaladur… Qizil Rusiyadagi ishchi-dehqonlarining oʻrta maktabini bitirgan oʻzbek yoshlaridan oʻrtoq Botu birinchiginadir. Oʻrtoq Botu birinchi hukumat dorilfununining iqtisod fakultetiga oʻqishga kirdiki, kelgusida iqtisodchilarimizdan biri boʻlgʻusidir».
Keyinchalik iqtisod boʻlimini tugatib kelganidan soʻng u haqda «Yer yuzi» gazetasi ham 1927-yil 18-sonida maqola chop etadi: «Botu Hodiyev Moskovda davlat dorilfununining iqtisod fakultasini yaqinda bitirib, Oʻzbekistonga keldi. Bu yil Oʻzbekistonda ishlab, diplom ishini bajaradi. Oʻrtoq Botu hozir Samarqandda Markaziy firqa qoʻmitasining ixtiyoridadir. Botu oʻzbeklar orasida iqtisod fakultasining toʻngʻich bolasidir».
Botu qaytganidan keyin siyosiy faoliyatga kirishdi. 1927-yilda Oʻzbekiston kompartiyasining markaziy qoʻmitasida instruktor, Samarqanddagi markaziy partiya maktabida voiz va rahbar vazifasini bajardi. Keyin markazqoʻmning matbuot boʻlimiga mudir boʻldi. Siyosiy faoliyatda kompartiyaning bir qator komissiyalari tarkibida faoliyat olib bordi.
Uning siyosiy faoliyati haqida akademik Naim Karimov quyidagicha fikr bildiradi: «Shu yillarda respublika rahbarlarining umid koʻzi Botuga qaratilgan edi. Ular Botuni partiyaviy ishlarda pishitib, soʻng respublika miqyosidagi yuqori martabalarga koʻtarish niyatida edilar. Uning 1929-yil 28-avgustda Xalq maorif kommissari oʻrinbosari etib tayinlanishi ham shu maqsaddagi dastlabki qadamlardan edi».
1930-yil 23-iyulda Botu oʻzi sadoqat bilan xizmat qilgan va katta ishonch bildirgan tuzum uni tuhmat bilan qamoqqa oldi. Unga «Xalq maorif komissarligida aksilinqilobchi va millatchilar guruhining rahbari» degan jiddiy ayb qoʻyildi. Yoz oyida qamoqqa olingani uchun Moskvaga olib ketilganida yupqa kiyimlarda boʻlgani Botuning oʻzi shundoq ham dardmand badaniga Rossiya sovugʻi jiddiy xavf soladi. Qamoqda yotganida bir necha bor aybsiz ekani haqida yordam va muruvvat soʻrab markazga xat yozadi. Lekin u ham millat dushmani tamgʻasi ostida 1938-yil 8-mayda Moskvada otib tashlangan.
Botu Moskvada oʻqib yurganida Valentina Petrovna Vasileva bilan tanishib turmush quradi. Turmushidan bir oʻgʻil va bir qiz dunyoga keladi. Oʻgʻlining ismi Erkli Hodiyev, qizining ismi esa Naima Mahmudova. Ikkala farzandi ham tibbiyot sohasining yetuk mutaxassislari, tibbiyot fanlari doktori, professor darajasini olgan.
Botu milliylik uchun kurashdi va qatagʻon qurboni boʻldi. Ijodkorning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent koʻchalaridan biriga va maktabga Botu nomi berilgan.
Sarvar SOBIROV tayyorladi.
