Milliy davlatchiligimiz vujudga kelishi va taraqqiy topgan davrlarda harbiy sohada erishilgan yutuqlar shon-shuhratini tarixiy dalillar asosida zamondoshlar ongi, xotirasida mustahkamlash va imkon qadar keng ommaga, ayniqsa, yosh-avlodga yetkazish, ularning dunyoqarashlari, qalblarida milliy qadriyatlar ruhi, millat tamadduniga daxldorlik, ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuygʻusini har tomonlama kuchaytirish, buyuk sarkardalarimiz meros qilib qoldirgan boy jang sanʼati sirlarini oʻrganish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-noyabrdagi “Harbiy tarixni oʻrganish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilindi. Sohibqiron Amir Temurning beshinchi avlodi Zahiriddin Muhammad Bobur ayni shunday buyuk sarkardalardan edi.

Zahiriddin Boburning (1483-1530) 47 yillik umri davomida tarix va adabiyotda ulkan iz qoldirgan. Sarkardaning qirralari shunchalar koʻpki, ularni bugungi avlodga yetkazish oʻtmishdagi qadriyatlarimizni tiklash, undan bahramand boʻlish, yoshlarda yuksak vatanparvarlik ruhiyatini tarbiyalash kabi dolzarb masalalarda alohida oʻrin tutadi. Ayniqsa, uning harbiy sanʼati va sarkardalik mahorati jahon tarixida muhim oʻrin tutadi.

Bobur degan nom “yoʻlbars” yoki “sher” degan maʼnoni anglatib, jangdagi jasorati uchun berilgan edi. U harbiy jasorat va zehnga ega iqtidorli harbiy rahbar edi. Oʼz davrining buyuk sarkardasi sifatida oʻzini koʻrsatib, turli janglarda oʻzining harbiy salohiyati va strategik tafakkuri bilan dushmanlariga ustun kelgan. U nafaqat jang maydonlarida gʻalabaga erishgan, balki oʻz qoʻshinlarini boshqarishda ham ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan. Uning harbiy mahorati turli omillar orqali namoyon boʻlgan, ularni batafsil tahlil qilib chiqamiz.

Harbiy qoʻshin boshqaruvi va muvaffaqiyati

 Bobur hayotining asosiy qismini janglar va yurishlarda oʻtkazdi. U dastlab Fargʻona vodiysida kichik bir hududga egalik qilgan boʻlsa-da, kuchli raqobatchilarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borib, Samarqandni egallashga muvaffaq boʻldi. Garchi bir necha bor magʻlubiyatga uchrasa ham, Bobur oʻzining qatʼiyati, taktik mahorati va qoʻshinlarini boshqarish borasidagi salohiyati bilan Hindiston zaminida buyuk imperiya barpo etdi. Hindistonga yurish chogʻida qoʻshinni doimo jangovar shayligini yuqori darajada ushlab turgan. Urush oraligʻida kurashchilar musobaqasini oʻtkazgan, hatto bu sport tadbiri yanada jonli oʻtishini istab, oʻzi taʼkidlaganidek, “xilofi qoida” “avval zoʻrroqlarni” maydonga chorlagan.

Panipat jangida (1526) Bobur oʻzining eng katta harbiy muvaffaqiyatlaridan birini qoʻlga kiritdi. U oʻzining toʻplardan samarali foydalanish strategiyasi bilan hindistonlik sarkarda Ibrohim Lodiyning koʻp sonli qoʻshinini tor-mor etdi. Bobur jang maydonini oldindan tayyorlab, turkcha “qarorgoh mudofaa tizimi”ni qoʻllagan. Bu tizim boʻyicha toʻplar va aravalar qator-qator joylashtirilgan, jangchilar ular orasida hujumni boshqargan. Bu strategiya dushman qoʻshinlarini vahimaga solib, Bobur qoʻshiniga katta gʻalaba keltirdi. Panipat jangidan keyin Bobur Kanva jangida (1527) hindistonlik Rajput sarkardasi Rana Sangaga qarshi kurashdi. Bu jangda Bobur yana toʻplar va otliq qoʻshinlardan foydalanib, Rajputlar jangovar ruhini susaytirib, ularni magʻlub qildi. Ushbu jang uning Hindiston shimolidagi hukmronligini mustahkamladi.

Jang taktikalar

Bobur janglarda oʻzining noyob va zamonaviy usullaridan foydalangan. U Markaziy Osiyoda oʻrgangan va fors jang taktikalarini hind sharoitiga moslashtira olgan. Quyida Bobur qoʻllagan baʼzi asosiy usullar keltiriladi:

Tulpor taktikasi –  Ushbu usul dushmanni chalgʻitish va tezkorlik bilan zarba berishga asoslangan. Bu taktika, ayniqsa, qattiq qarshilik koʻrsatgan dushmanlarga qarshi muvaffaqiyatli boʻlgan. 

Toʻplardan samarali foydalanish – Hindiston zaminida jangda toʻplardan keng foydalanish yangilik edi. Bobur ushbu qurolni samarali boshqarib, dushman qoʻshinlarini choʻchitib, ularning harakatini izdan chiqarishga muvaffaq boʻlgan.

Aravalar mudofaasi –  Aravalardan qalqon sifatida foydalanish orqali dushman hujumlarini qaytarish va himoyalangan holda qarshi hujum qilish imkonini yaratgan.

Qoʻshin tarkibi va tashkil etilishi

Bobur qoʻshini oʻzining intizom va tashkilotchiligi bilan ajralib turgan. Harbiy qoʻshin harbiy malakani aniqlash va takomillashtirish maqsadida har yili koʻrikdan oʻtkazilgan. U qoʻshinini quyidagi asosiy boʻlinmalarga ajratgan:

Suvoriylar (otliq askarlar) – Jangda eng asosiy harbiy kuch boʻlib, ularning harakati va tezkorligi dushman safini buzishda muhim ahamiyatga ega edi.

Piyoda askarlar – Suvoriylarga yordam sifatida jangga kirgan piyodalar dushmanni toʻxtatish va asosiy hujumni qoʻllab-quvvatlagan.

Jangchi fillar – Hindistonning oʻziga xos harbiy anʼanalaridan foydalanib, fillarni jang maydonida strategik joylarda ishlatgan.

Toʻpchilar va oʻqchilar – Bobur qoʻshini qurol-yarogʻ bilan yaxshi taʼminlangan boʻlib, bu ularga zamonaviy jang usullaridan foydalanish imkonini bergan.

Dengiz va daryo floti – Hind daryolari va qirgʻoq hududlarida jang qilish uchun maxsus floti tashkil qilingan.

  Bobur janglarda faqatgina qoʻshinlarni boshqaribgina qolmay, jang maydonida shaxsan ishtirok etgan. Uning jasorati va qoʻrqmasligi askarlar uchun ulkan ruhiy madad boʻlgan. U qattiq vaziyatlarda tezkor va samarali qarorlar qabul qila olgan, bu esa uning qoʻshinlariga ishonch bagʻishlagan.

Bobur oʻzining harbiy muvaffaqiyatlari bilan Hindistonda oʻz saltanatini qurdi va uning asoschisi sifatida tarixda muhim oʻrin egalladi.

 

Angliyalik yozuvchi Rumer Goden: “Bobur bunyod etgan davlat garchi bobolariniki singari bepoyon mintaqalarga yoyilmagan boʻlsa-da, u oʻz saltanatining sultoni, buyuk imperatori darajasiga koʻtarildi. Oʻz mulkida boshqaruv tizimini mahkam tutib, uni mohirlik bilan idora qildi. Bu oʻlkani 332 yil davomida mahorat bilan boshqargan buyuk sulolaga asos soldi” deb taʼrif bergan edi.

 Uning jang taktikalari va usullari nafaqat Boburiylar saltanati davrida, balki keyingi asrlarda ham ahamiyatini yoʻqotmagan. Uning “Boburnoma” asarida harbiy yurishlar va janglar tafsilotlari aks etgani esa tarixchilar uchun noyob manba boʻlib xizmat qilmoqda.

  Bugun bizning oldimizda harbiy sifatida Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiy sifatlaridan oʻrnak olish turgan boʻlsa, tarixchi sifatida uning merosini chuqur tadqiq etish, filolog sifatida esa olib borilayotgan tadqiqotlarni jahonda eng ommalashgan xorijiy tillarga tarjima qilib, tanitish dolzarb boʻlib turibdi.

 

Valisher ABIROV

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

katta oʻqituvchisi, PhD

 

Shaxzoda BEKPOʻLATOVA

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

talabasi