IIV Navoiy akademik litseyida qariyb 7 yildan buyon oʻquvchilarga jismoniy tarbiya fanidan saboq berib kelmoqdaman. Litseyimizda sport bilan shugʻullanmagan oʻquvchining oʻzi yoʻq. Ularning jismoniy qobiliyatlarini yuzaga chiqarishda koʻmaklashish menga huzur bagʻishlaydi.
Litsey oʻquvchilarining tinimsiz oʻz ustida ishlashi, ular bilan mashgʻulotlarni yuqori saviyada oʻtayotganimiz oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Ayni paytda oʻquvchilar orasida 3 nafar jahon chempioni, 10 nafar Osiyo chempioni hamda 27 nafar Oʻzbekiston chempioni yetishib chiqqanligi ham fikrimning tasdigʻidir.
Yaqinda Toshkent shahrida sportning Ashixara-karate turi boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatida 1-bosqich oʻquvchisi Alishox Sultonov 55 kg vazn toifasida gʻolib chiqdi. Shahrizoda Bahriddinova esa shahrimizda Ayteke biy tavalludining 380 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro madaniy tadbirda shaxmat musobaqasida faxrli ikkinchi oʻrinni egalladi.
Oʻquvchilarimiz kelajakda haqiqiy huquq-tartibot himoyachisi, osoyishtalik posboni boʻlishlariga ishonaman. Ularning erishayotgan yutuqlaridan faxrlanaman. Zero, ustoz uchun shogirdlarining muvaffaqiyati – eng katta baxt.
Jamoliddin XOLIQOV,
IIV Navoiy akademik litseyi oʻqituvchisi.