Mohir charm qoʻlqop ustasi Isroil Madrimov haqida soʻz ketganda, koʻpchilik avvalo uning kuchli zarbalari, tezligi va yuqori texnikasini eʼtirof etadi. Aynan shu jihatlar sportchini professional boksning eng istiqbolli vakillaridan biriga aylantirdi. Madrimovni boshqalardan ajratib turadigan tomoni faqat jismoniy kuchi yoki texnikasida emas, balki intizomi va bosiqligida. 

Toshkent viloyati IIBB TVBSO xodimi, mayor Isroil Madrimovning yana bir oʻziga xos, eʼtiborli jihati shundaki, u gʻalabalarni ortiqcha ehtiroslarga berilmasdan, oddiylik va kamtarlik bilan qabul qiladi. Boks boʻyicha Osiyo chempioni va Osiyo oʻyinlari gʻolibi, WBA versiyasi boʻyicha sobiq Jahon chempioniga bir nechta savollar bilan murojaat etdik.

– Ringga chiqishdan oldin Isroil Madrimov koʻproq nimadan qoʻrqadi? 

– Har bir jang ortida katta masʼuliyat, Vatan shaʼni va xalqning duosi turadi. Men raqibdan emas, xalqimning ishonchini oqlay olmaslikdan qoʻrqaman. Ringga chiqqanimda, faqat oʻzim uchun emas, butun Oʻzbekiston nomidan jang qilayotganimni his qilaman. Shu sabab eng katta qoʻrquvim – muxlislarimning ishonchini oqlay olmaslik. 

– Oʻzbek oʻgʻloni sifatida jahon arenalarida nimalarni his qilasiz?

– Aksar insonlar kabi men ham tugʻilib oʻsgan diyorim bilan gʻururlanaman. Zero, asrlar davomida bu zamindan ne-ne buyuk allomalar, jasur va mard insonlar yetishib chiqqan. Ana shunday yurt vakili sifatida zimmamda doimo masʼuliyat yuki boʻladi. 

– Hayotingizda qay biri sizning oʻsishingizga koʻproq sabab boʻlgan: gʻalabami yoki magʻlubiyatmi?

– Albatta, gʻalaba insonning keyingi yutuqlarga boʻlgan ishtiyoqini, intilishini kuchaytiradi. Men magʻlubiyatni tushkunlik sifatida emas, balki oʻz kamchiliklarimni koʻrish va anglash, ular ustida ishlash imkoniyati deb qabul qilaman. Ayrim holatlarda magʻlubiyat insonni gʻalabadan koʻra kuchliroq tarbiyalaydi.

– Ring sizni kuchlantirdimi... 

– Sizga aytsam, ring meni hayotga tayyorlagan katta maktab boʻldi. Men ringda nafaqat jang qilishni, balki sabr-toqatli, bosimga bardoshli boʻlishni va yiqilgandan keyin yana oyoqqa turishni oʻrgandim. Bugun hayotda ham bu saboqlarning foydasini koʻryapman. Har qanday zarbani matonat bilan qabul qilish va undan toʻgʻri xulosa chiqarishni menga aynan sport oʻrgatdi.

– Boks tufayli nimadandir voz kechishga toʻgʻri kelganmi? Siz hech kimga aytmagan va chetda qolgan orzularingiz boʻlganmi? 

– Sport katta mehnat va intizomni talab qiladi. Vaqt yetishmasligi va tinimsiz mashgʻulotlar sabab bolalikda oddiy quvonchlar, oʻyin-kulgu, bayramlar, oilaviy davralardan chetda qolgan paytlarim boʻlgan. Tengdoshlarim hordiq chiqarayotgan vaqtda men zalda mashq qilardim. Ayrim pallalarda bolaligim mashaqqat va mehnatdan iboratdek tuyulardi. Ammo bugun ortga nazar tashlab, oʻsha qiyinchiliklar bejiz boʻlmaganini anglayman.

– Sizning mohir bokschi sifatida yutuqlarga erishishingizda jamoaning oʻrni qanday boʻlgan?

– Jamoa, murabbiy, ota-ona va yaqinlarning qoʻllab-quvvatlashi sportchiga katta kuch beradi. Agar shu omillardan biri yetishmasa, bu nafaqat natijaga, balki insonning ruhiyatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ayniqsa, jamoadagi muhit sport pillapoyasidan koʻtarilishda hal qiluvchi oʻrin tutadi. Shu bois jamoada sogʻlom muhit, oʻzaro ishonch, hurmat va yagona maqsad sari umumiy intilish boʻlishi kerak. Ana shundagina yuqori natijalarga erishish mumkin. Jamoamizdagi sportchilar bir-birini yaxshi tushunadi, doimo qoʻllab-quvvatlaydi. Feʼl-atvorimiz, qiziqishlarimiz ham oʻxshash, yaqin. Shuning uchun jamoadagi ahillik va birdamlik har bir muvaffaqiyatimizda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

– Barchamizga maʼlum, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbol boʻyicha Jahon chempionatida ishtirok etadi. Shu haqida fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz. 

– Futbol – bu nafaqat sport, balki butun xalqni birlashtiradigan, yurt shaʼni va gʻururini dunyoga namoyon etadigan katta maydon. Ayniqsa, terma jamoamiz safida iqtidorli futbolchilar – tengdoshlarimiz va kursdoshlarimiz Jaloliddin Masharipov hamda Jamshid Iskandarovlarning borligi menga alohida faxr va quvonch baxsh etdi. Bundan tashqari, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev, Abduqodir Husanov kabi futbolchilarimiz hamisha milliy terma jamoamiz rivoji, yurt sharafi va muxlislar ishonchi uchun maydonda bor kuch-gʻayrati bilan harakat qilib kelishmoqda. Ularning mehnati, jasorati va vatanparvarligi har birimiz uchun ibrat. Bir soʻz bilan aytganda, futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolariga chin qalbimdan omad, yuksak muvaffaqiyatlar tilayman. Ishonamanki, ular yurtimiz bayrogʻini yanada baland koʻtarib, Oʻzbekistonga munosib gʻalabalar bilan qaytishadi.

– Siz gʻolib boʻlgan qaysi jang xotirangizda alohida iz qoldirgan? 

– Har bir gʻalabaning oʻziga xos oʻrni bor. Biroq 2018-yilgi Osiyo oʻyinlari alohida esda qolgan. Oʻsha payt Vatan bayrogʻini baland koʻtarib chiqish menga katta sharaf va iftixor bagʻishlagan. Shuningdek, professional boksda jahon chempioni boʻlganim ham unutilmas lahzalardan biri. Oʻsha jangdan keyin koʻp yillik mehnat va mashaqqatlarimizning samarasini his qilganman. Bu tuygʻuni soʻz bilan ifodalash juda qiyin.

– Bir kun ringni tark etsangiz, odamlar sizni qanday inson sifatida eslashini xohlardingiz? 

– Har bir sportchi vaqti kelib ringni tark etadi. Lekin insoniylik qoladi. Men odamlar qalbida yaxshi inson, Vatanga nafi tekkan sportchi sifatida qolishni istayman. Men uchun eng katta yutuq ham aslida shu. 


Nilufar JABBOROVA 

suhbatlashdi.