Uch kun davomida Fargʻona shahridagi “Samo” sport majmuasida professional sportchilar hamda 2000-2006-yillarda tugʻilgan yoshlar oʻrtasida sportning qoʻl jangi turi boʻyicha Oʻzbekiston kubogi musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Yuqori saviyada tashkil etilgan bellashuvlarda respublikamizning barcha viloyati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tashrif buyurgan 700 nafardan ziyod sportchi gʻoliblik uchun bahs olib bordi.

Musobaqaning birinchi kungi bahslarini ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Milliy gvardiya safida xizmat qilayotgan sportchilar boshlab berdilar.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan birga, hududlardan kelgan yosh sportchilar ham bor kuch va imkoniyatini ishga solib, gʻoliblikka munosib daʼvogar ekanliklarini amalda koʻrsatishdi.

Yakunda har bir vazn toifasida yuqori oʻrinlarni egallagan sportchilar tashkilotchilarning diplom va qimatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.