Koʻrik-tanlov
Toshkent shahar IIBB markaziy apparati va hududiy boshqarmalari yosh xodimlarining kasb mahorati, bilim saviyasi va jangovar tayyorgarligini yanada oshirish maqsadida «Eng vatanparvar yosh xodim» nominatsiyasi boʻyicha koʻrik-tanlov oʻtkazildi.
Tanlov 4 bosqichda oʻtkazilib, ishtirokchilar dastlab Makarov toʻpponchasidan oʻq otish boʻyicha musobaqalarda qatnashdi. Ikkinchi bosqichda xodimlar xizmat qurollarini toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻish boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etishdi. Shuningdek, musobaqa ishtirokchilari test sinovlaridan oʻtib, qoʻl jangi boʻyicha bellashishdi.
Barcha sinovlar natijalariga koʻra Yakkasaroy tumani IIOFMB 3-sonli IIB profilaktika inspektori, katta leytenant Hoshimxoʻja Usmonov gʻolib deb topildi. Uchtepa tumani IIOFMB kadrlar bilan taʼminlash guruhi katta inspektor-metodisti, kapitan Rasul Eraliyev ikkinchi oʻrinni egalladi. Uchinchi oʻrin Sergeli tumani IIOFMB kadrlar bilan taʼminlash guruhi katta inspektor-metodisti, leytenant Rustamxon Hamdamovga nasib etdi.
Tanlov gʻoliblari diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
