Kun qahramoni
1982 yilda Jarqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. 2000 yilda Qashqadaryo viloyatida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan.
Xizmat vazifasini Termiz xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash batalonida 2003 yilda boshlagan. M.Boltayev oʻtgan vaqt oraligʻida oddiygina oʻqchi lavozimidan guruh komandiri lavozimigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Ayni paytda u harbiy qism 1-qoʻriqlash vzvodi 2-qoʻriqlash guruhi komandiri vazifasida faoliyat olib bormoqda.
M.Boltayev tartib-qoidalarga qatʼiy amal qiladigan, oʻz vazifasiga vijdonan yondashadigan harbiy xizmatchi sifatida hamkasblari orasida hurmatga ega. U oʻziga biriktirilgan guruh shaxsiy tarkibi bilan ishlashdan erinmaydi. Ular bilan jangovar, maʼnaviy-maʼrifiy va ruhiy tayyorgarlik boʻyicha muntazam ravishda mashgʻulotlar olib boradi.
Qahramonimiz sportda, ayniqsa, futbolda chaqqon. U harbiy tuzilmalar oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqalarda ham harbiy qism sharafini himoya qilishda faol ishtirok etib keladi.
Xizmat faoliyati davomida oʻz vazifasiga sidqidildan yondashgan, boshqalarga oʻrnak va namuna boʻlgan M.Boltayev rahbariyat tomonidan 17 marta ragʻbatlantirilgan. 2017 yilda esa qahramonimizning xizmatlari munosib baholanib, “Konstitutsiyamizning 25 yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Uch oʻgʻil va bir qizni umid bilan oʻstirayotgan M.Boltayevning farzandlari ham Vatan himoyasiga shay insonlar boʻlib ulgʻayishini xohlaydi va bu yoʻlda eng avvalo, oʻzi ularga namuna boʻlishga harakat qiladi.
Feruza RAHMONQULOVA,
“Postda” muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
