Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni talablari asosida Navoiy viloyati IIBda samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Yaqinda xodimlarning jismoniy faolligini yanada oshirish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish maqsadida navbatdagi tadbir boʻlib oʻtdi. "Jismoniy va jangovar tayyorgarlik oyligi" doirasida antropometrik koʻrsatkichlari boʻyicha tana vazni meʼyoridan ortiq xodimlar roʻyxatiga kiritilganlar bilan viloyat IIB jismoniy va jangovar tayyorgarlik boʻlimi tomonidan "Semizlik – kasalliklar oʻchogʻi" va "Semirishning oldini olish" mavzularida oʻquv seminari tashkil etildi. Seminarga shifokor-dietologlar va ozish boʻyicha sport murabbiylari jalb qilindi.
Tadbir davomida shifokor dietologlar odam organizmidagi ortiqcha yogʻlarning zarari hamda semizlikning salbiy tomonlari xususida toʻxtalishdi. Jumladan, oʻtkir reseptor va surunkali kasalliklarning asosiy kelib chiqish sabablaridan biri ham semizlik ekanligini taʼkidlashdi. Tana vaznini meʼyorlashtirish uchun muntazam sport bilan shugʻullanish, ovqatlanish rasionida koʻkatlar, meva va sabzavotlarni koʻpaytirish zarurligini qayd etishdi. Bundan tashqari, malakali sport murabbiylari uy sharoitida yengil mashqlar orqali ozish boʻyicha mahorat mashgʻuloti ham tashkil etishdi. Seminar soʻngida xodimlarga ozdirish boʻyicha qoʻllanma hamda oʻn kun davomida olib boriladigan sogʻlom ozish dasturi taqdim etildi.
Mahliyo XOLOVA,
Oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
