Bugun osoyishtaligimiz posbonlari oʻrtasida shaxmat boʻyicha oʻtkazilayotgan “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasining final bosqichi boʻlib oʻtdi.
Unda hududlar boʻyicha oʻtkazilgan saralash bosqichlarida muvaffaqiyat qozongan ishtirokchilar qurʼa tashlash natijalariga koʻra oʻzaro bellashishdi. Hakamlar hayʼati tomonidan xolisona tarzda baholab borilgan ushbu musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra, oʻzining oʻyin uslubi, shijoati va qobilyati bilan barchani dogʻda qoldirgan Namangan viloyati IIB jamoasi shaxmatchilari musobaqa gʻolibiga aylandi. Finalda raqibidan biroz ortda qolgan IIV Markaziy apparati jamoasi vakillari ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, xorazmlik sportchilar esa uchinchi oʻringa loyiq topildi.
– Ushbu sport bayramini oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham xodimlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish hamda sogʻlom va maʼnan yetuk insonlarni tarbiyalashdan iboratdir, – deydi musobaqa tashkilotchilaridan biri podpolkovnik Rinat Rajabov. – Shu boisdan ham bu kabi tadbirlarni doimiy tarzda oʻtkazib turishni qatʼiy maqsad qildik.
Taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan vazirlik Jismoniy va jangovar tayyorgarlikni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi, podpolkovnik Noʻmonjon Yunusov gʻoliblarni tabriklar ekan, yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar ichki ishlar organlari xodimlarining samarali faoliyat yuritishi va sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlarni yanada yaxshilash hamda jonajon vatanimizga mehr-muhabbat va sadoqat tuygʻularining kuchayishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shundan soʻng mukofotlarni topshirish marosimi boshlandi. Unga koʻra, 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan namanganlik shaxmatchilarga vazir kubogi, jamoaning har bir ishtirokchisiga musobaqaning oltin medali hamda birinchi darajali diplom taqdim etildi. Ikkinchi pogʻonani zabt etgan IIV Markaziy apparati jamoasi vakillari kumush medalʼ va ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Nihoyat, 3-oʻringa munosib koʻrilgan xorazmlik sportchilarga esa, bronza medali va uchinchi darajali diplom topshirildi. Shu bilan birga, gʻolib jamoalarning barcha aʼzolariga televizor ham berildi.
Shuningdek, yakkalik bahslarida ham oʻzining mahoratini namoyish etgan Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi harbiy xizmatchisi, III darajali serjant Sherbek Xurramov tengsiz deb topilib, shohsupaning yuqori pogʻonasidan joy oldi. Xorazm viloyati IIB xodimi, kichik serjant Mansurbek Rahimov 2-oʻrinni egallagan boʻlsa, Toshkent viloyati IIBB osoyishtalik posboni kapitan Hasan Iskandarov uchinchi pogʻona bilan kifoyalandi. Gʻoliblarning barchasiga turli darajadagi diplom, medalʼ va qimmatbaho esdalik sovgʻalari berildi.
– Mazkur musobaqada nafaqat gʻalaba qozondik, balki koʻplab doʻstlar ham orttirdik, – deydi Chust tumani IIB HPB Voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologi, leytenant Gulhayo Shokarimova. – Buning uchun IIV hamda bizga shunday imkoniyatlarni yaratib bergan Namangan viloyati IIB rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
Ikrom HASANOV olgan suratlar.
