Endigina 23 yoshni qarshilagan bugungi qahramonimiz kichik serjant Abbos Qodirov Navoiy shahrida tavallud topgan. U bolaligidan sport bilan astoydil shugʻullanadi. 2019-yilda Navoiy viloyati Zarafshon shahar IIB jamoat tartibini saqlash boʻlinmasi kinologiya guruhi kichik inspektor-kinologi lavozimiga qabul qilindi.
Ayni paytda viloyat IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi mutaxassisi. Uning vzifasi maxsus transport vositasini mohirlik bilan boshqarib, xodimlarning voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borishini taʼminlashdan iborat. Bu vazifani aʼlo darajada bajarib, xavfli jinoyatchilarni qoʻlga olishga oʻz hissasini qoʻshib kelyapti.
Abbos Qodirov 2016-yili Moldaviyada boʻlib oʻtgan qoʻl jangi boʻyicha Jahon chempionatida 2-oʻrinni, 2019-yil Almati shahridagi yakkakurashlar festivalida qoʻl jangi boʻyicha 1-oʻrinni, 2022-yil Moskva shahridagi qoʻl jangi boʻyicha Jahon kubogi bahslarida esa 3-oʻrinni egallab, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Yaqinda Navoiy shahrida sportning MMA(aralash jang sanʼati) turi boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro musobaqada debyut jangida ishtirok etdi. Ilk bor oʻzini ushbu sport turida sinab koʻrgan yosh sportchi 65 kg vazn toifasida qirgʻizistonlik raqibini dogʻda qoldirib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Unga “Gʻalaba muborak!” deymiz, kelgusida bundan ham ulkan yutuqlar tilab qolamiz.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
