Ichki ishlar organlarining PPX saf boʻlinmalari shaxsiy tarkibining kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish, bilim saviyasini hamda xizmat va jangovar shayligini oshirish maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, koʻrik-tanlovlar muntazam tashkil qilib kelinmoqda. Mazkur xizmatning 35 yoshdan oshmagan xodimlari oʻrtasida “Namunali patrulʼ-post xizmati qism komandiri” va “Namunali patrul-post xizmati xodimi” koʻrik-tanlovi shular jumlasidandir.
Bellashuvning respublika bosqichi 23–26-noyabr kunlari Buxoro viloyatida oʻtkazildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati IIBB, viloyatlar IIBning PPX brigada va batalʼonlari vakillari qatnashdi.
Musobaqaning birinchi kunida IIV Malaka oshirish instituti Buxoro filialida test sinovlari qabul qilindi. Ikkinchi kuni viloyat IIB PPX batalʼonida sport toʻsinida tortilish bahslariga start berilib, Buxoro sport majmuasida ishtirokchilar 100 va 3000 metr masofaga yugurish boʻyicha bahslashishdi. PPX batalʼoni saf maydonida esa saf tayyorgarligi boʻyicha sinovlar qabul qilindi. Batalʼonning sport zalida “qoʻl jangi” boʻyicha koʻnikmalar nazoratdan oʻtkazildi. Tadbirning uchinchi kuni “Dilkusho” sport majmuasining suv sport saroyida 50 metrga suzish boʻyicha eng kuchlilar aniqlandi. Shuningdek, batalʼon oʻq otish tirida boʻlib oʻtgan jangovar tayyorgarlik boʻyicha sinovlarda tabelʼ qurolidan oʻq otish musoboqasi ham qizgʻin ruhda oʻtdi.
Yakuniy natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida 3-oʻrinni Surxondaryo, 2-oʻrinni Jizzax viloyati jamoasi egallagan boʻlsa, shohsupaning eng baland pogʻonasini Buxoro viloyati IIB vakillari qoʻlga kiritishdi. Jamoaviy hamda shaxsiy birinchilikda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan xodimlar diplom, medalʼ hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shuhrat JALOLOV,
podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
