Jismoniy sogʻlik va ruhiy barkamollikni taʼminlashda sportning oʻrni benihoya katta. Ayniqsa, tinchlik-osoyishtaligimizni taʼminlash yoʻlida kunu tun xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun sport bilan shugʻullanishning ahamiyati beqiyos. Soha vakillari ishtirokida turli sport musobaqalari uyushtirilib turilishining sababi ham shunda.

Yaqinda stol tennisi boʻyicha Navoiy viloyati IIB boshligʻining kubogi uchun ochiq chempionat oʻtkazildi. Musobaqada 8 ta jamoa ishtirok etdi. Qizgʻin va murosiz kechgan bahslar yakuniga koʻra, ayollar oʻrtasida 3-oʻrinni Sitora Negmatova (viloyat Adliya boshqarmasi), 2-oʻrinni Mohinur Karimova (viloyat IIB), 1-oʻrinni esa Gulchehra Abdieva (Milliy gvardiyaning 87214-harbiy qismi) egalladi. Erkaklar oʻrtasida 3-oʻrinni Zayniddin Sharipov (IIV huzuridagi JIED 5-Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi), 2-oʻrinni Akbar Axmedov (viloyat Bojxona boshqarmasi) va 1-oʻrinni Gʻolib Sharipov (IIV huzuridagi JIED 5-Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi) qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, juftlik bahslarda (ayol va erkak) 3-oʻrinni viloyat IIB, 2-oʻrinni 7259-harbiy qism (IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari) va faxrli 1-oʻrinni viloyat Bojxona boshqarmasi jamoalari egalladi. Gʻolib va sovrindorlar Navoiy viloyati IIB boshligʻining diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Kubok esa viloyat Bojxona boshqarmasi jamoasiga tantanali ravishda topshirildi.


Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.