IIV Fargʻona akademik litseyi 1-bosqich oʻquvchisi Nodirabegim Karimova bolaligidan sport bilan doʻst tutingan yoshlardan biri. Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi qahramonimiz 5 yoshidan taekvondo toʻgaragiga qatnab, ustozi Komil Uraimovdan sport sirlarini puxta oʻrganmoqda.
Oʻz ustida tinimsiz ishlab, ustozlar sabogʻini olgan yosh sportchi taekvondo boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionati va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy olmoqda.
Nodirabegim sportning xapkido turi boʻyicha ham oʻz mahoratini oshirib, musobaqalarda faol qatnashayotir. Jumladan, shu yil iyun oyida boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida yuqori oʻrinlarni zabt etdi.
Joriy yilning 24–27-noyabr kunlari yosh va umidli sportchi yana bir nufuzli musobaqada gʻolib boʻldi. Toshkent shahrida xapkido boʻyicha bolalar, oʻsmirlar va kattalar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida ishtirok etib, 70 kg vazn toifasida 1-oʻrinni egalladi.
– Oʻrta maktabni tamomlagach, taʼlim olish uchun bejiz Ichki ishlar vazirligi akademik litseyini tanlaganim yoʻq, – deydi Nodirabegim. – Sport bilan shugʻullanish asnosida, huquqiy bilimlarimni ham oshirib, kelajakda ichki ishlar organlari safida xizmat qilishni xohlayman.
Xalqaro musobaqadan qaytgach, litsey maʼmuriyati Nodirabegimni erishgan gʻalabasi bilan qutladi va tengdoshlari olqishi ostida diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalarini topshirdi.
Abduvosit SIDIQOV,
«Postda» muxbiri.
Fargʻona viloyati.
