IIV Namangan akademik litseyining 1-bosqich oʻquvchisi Gulruh Ilhomjonova teran fikrli, ilgʻor yoshlaridan biri. Gulruh litseyga qabul qilingunga qadar sportda katta natijalarni qoʻlga kiritgan.
Davlatobod tumanidagi suv sportiga ixtisoslashtirilgan «Yoshlik» sport maktabiga suzish boʻyicha toʻgarakka borganida yetti yoshda edi. Tajribali murabbiy Maqsuda Rahmatova koʻzlaridan shijoat yogʻilib turgan qizchani koʻrdi-yu, undan albatta yaxshi sportchi chiqishiga ishonch paydo boʻldi.
Insonning hayotida shunday lahzalar boʻladiki, oʻsha daqiqalarda katta oʻzgarishlar sodir boʻlishi mumkin. Murabbiy bilan uchrashuv Gulruh va uning onasi Umida qalbiga katta orzularni soldi. Shu kundan eʼtiboran ona farzandini har tomonlama qoʻllab-quvvatladi.
Epchil, kuchli iroda sohibasi Gulruh bilan murabbiy astoydil shugʻullandi. Sportchi qiz bir yildayoq musobaqalarda ishtirok etib, yaxshi natijalarni qoʻlga kirita boshladi. 2013-yilda sinxron suzish federatsiyasi terma jamoasi aʼzosi boʻldi.
Avval jamoa yoʻnalishida turnirlarda ishtirok etgan boʻlsa, duet yoʻnalishida sherigi bilan bir necha bor chempionatlarda sovrindor boʻldi. Esda qolarli, his-hayajonga toʻla gʻalabalari 2014-yilda boshlangan edi. Shu yili sinxron suzish boʻyicha Oʻzbekiston chempionatida 3-oʻrin,
2015-yilda duet yoʻnalishida 2-oʻrin, keyingi yili solo yoʻnalishida faxrli 1-oʻrinni egalladi. 2017-yilda Tailandda oʻtkazilgan jahon chempionatida solo yoʻnalishida bronza medalʼ sohibasi boʻldi. Hozirda Gulruh Ilhomjonova Namangan viloyatida suv baleti sporti boʻyicha yagona suv balerinasi hisoblanadi.
U hozirda bor eʼtiborini IIV Akademiyasiga oʻqishga kirishga qaratgan. Ustozlari, huquq fani oʻqituvchisi Akmal Tursunpoʻlatov, ona tili va adabiyot muallimasi Feruza Ahmedova, psixologiya fani oʻqituvchisi Sodiqjon
Joʻrayev, sinf rahbari Gulnora Inamovaning qoʻllab-quvvatlashi uni ruhlantirmoqda.
Gulruhning ijodkorlik qobiliyati alohida mavzu. Yaxshi rassom, sheʼriy mashqlari ham bor, raqqosalik va notiqlik qobiliyatiga ega. Litseydagi tadbirlarda boshlovchilik qilib ham turadi.
Orzu borki, intilish bor. Har qanday mashaqqatlar sabr, bardosh va mehnat bilan yengiladi. Biz ham qatʼiyat bilan maqsadlari sari intilayotgan Gulruhning parvozlari baland boʻlishiga ishonamiz.
Gulchehra BUVAMIRZAEVA,
«Rostda» muxbiri.
Namangan viloyati.
