23-sentyabrdan 25-sentyabrgacha Samarqand shahrida Yengil atletika boʻyicha Markaziy Osiyo 4-Ochiq chempionati boʻlib oʻtadi. 11 ta mamlakatdan 300 dan ortiq sportchilar xalqaro musobaqalarda ishtirok etadi. Ochiq turnirda ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston va Tojikiston terma jamoalari tashrif buyuradi. Ularga Malayziya, Tailand va Filippinlardan sportchilar qoʻshiladi.
Sport musobaqasi Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi va Yengil atletika federatsiyasi tomonidan Markaziy Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi va “Oʻzbekneftgaz” AJ koʻmagida tashkil etildi.
Samarqand shahridagi, yugurish yoʻlakchasining yangi qoplamasi va World athletics standartlariga mos ravishda sertifikatlangan uloqtirish uchun sektorlariga ega “Afrosiyob Arena” sport majmuasi yengil atletika boʻyicha Markaziy Osiyo Ochiq chempionatini oʻtkazish uchun tayyorlab qoʻyildi. Ochiq turnir stadion rekonstruksiyadan keyin oʻtkazilayotgan ilk yirik tadbir boʻlib hisoblanadi.
Sportchilar asosiy yugurish yoʻnalishlarida ham, texnik musobaqalarda ham - balandlikka sakrash, tayanib sakrash, uzunlikka, uch hatlab sakrash, disk, bolgʻa, otish, nayza uloqtirish boʻyicha qatnashadi.
Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi deyarli barcha yoʻnalishlarda chiqishi belgilangan. Stadionga ishtirokchilar bilan birgalikda V Islom Birdamlik oʻyinlari gʻoliblari Sharifa Davronova, Anvar Anvarov, Suxrob Xoʻjaev, Farida Soliyeva, Nargiza Qoʻchqorova va Roksana Xudoyarova kuch sinash uchun chiqadi.
Musobaqaning uchinchi kunida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi kubogi oʻynalishining, “Save Aral 2022” xalqaro xayriya ommaviy yugurish musobaqasining navbatdagi bosqichi boʻlib oʻtadi. Ikki mingdan ortiq ishtirokchilar Orol dengizi atrofidagi ekologik muammoga jamoatchilik eʼtiborini qaratish maqsadida oʻtkaziladigan Save Aral musobaqasini qoʻllab-quvvatlash uchun ishtirok etadi.
Ochiq chempionatning toʻliq dasturi bilan Yengil atletika federatsiyasi saytida tanishib chiqish mumkin.
