Fargʻona viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi katta mutaxassisi, serjant Lutfilla Saydamatov sportda yutuqlarga erishib kelayotgan yosh xodimlardan hisoblanadi.
U soʻnggi 5 yil davomida sportning jangovar sambo turi boʻyicha 10 dan ziyod xalqaro musobaqalarda munosib qatnashib, Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarishga erishdi.
Joriy yil qahramonimiz uchun omadli yil boʻlmoqda. 24–26-mart kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida «Sambo asoschilari kubogi» chempionatida 64 kg vazn toifasida uchinchi oʻrinni egalladi. 15–21-iyun kunlari Qozon shahrida «Dinamo» sport jamiyatining tashkil topganiga 100 yil toʻlishi munosabati bilan sportning sambo va jangovar sambo turlari boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro turnirda esa oltin medalʼ sohibi boʻldi.
1995-yilda Quva tumanida tugʻilgan Lutfilla bolaligidan sportga mehr qoʻyib, shu tumandagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabida murabbiysi Nurmuhammad Usmonovdan sport sirlarini oʻrgandi, bir qancha yutuqlarni qoʻlga kiritdi.
– Doim xalqaro musobaqalarda zafar quchganimda, tabiiyki yurtimiz bayrogʻi koʻtarilib, madhiyamiz yangraydi. Shunday lahzalarda yuragim toʻlqinlanib ketadi, – deydi chempion yigit. – Sportdagi yutuqlarim orqali Vatanimizni dunyoga tanitishga hissa qoʻshayotganimdan, uning bayrogʻini baland koʻtarayotganimdan gʻururlanaman.
Fargʻona viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi shaxsiy tarkibi orasida Lutfilla kabi mohir sportchilar koʻpchilikni tashkil etadi. Jumladan, safdor Lazizbek Mullajonov, serjant Sherzod Ismonov, serjant Nizomiddin Isroilov, Oybek Haydarov kabi xodimlar turli darajadagi chempionatlarda ishtirok etib, oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritib kelishmoqda.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
