Kun qahramoni

Salim Isakov 1989 yilda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tugʻilgan. Yoshligidan masʼuliyati ogʻir, ammo sharafli kasbga mehr qoʻygan qahramonimiz xizmatni Samarqand viloyati IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasiga bevosita boʻysunuvchi patrul-post xizmati bataloni ikkinchi otryadida boshlagan. Keyinchalik Mudofaa Vazirligi markaziy-harbiy okrugi serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida taʼlim olgan. Hozirda Samarqand viloyat IIB PPX va JTSB boʻlinmalari patrul-post xizmati bataloni xodimi, “Ezgulik patruli” maxsus guruhi komandiri lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Serjant Salim Isakov jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olishdek muhim vazifaning oʻzi yetakchilik qilayotgan guruh xodimlari tomonidan hamisha hushyorlikda, toʻgʻri va sifatli tashkillashtirilishiga harakat qiladi. Ayniqsa, ommaviy tadbirlarning koʻngildagidek oʻtishida hamjihatlikda harakat qilishga alohida eʼtibor qaratadi. U kasbga sadoqati va fidoyiligi bilan hamkasblarining ishonchini qozonib, bir necha bor rahbariyat eʼtirofiga sazovor boʻlgan.

Fidoyi xodim koronavirus pandemiyasi vaqtida koʻrsatgan ibratli faoliyati uchun oʻtgan yilda “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

“Postda”muxbiri.

Samarqand viloyati.