Ichki ishlar organlari tizimida ham yurtimiz faxriga aylangan dongdor chempionlar yetarlicha. Ulardan biri poytaxtning Yunusobod tumani IIOFMB huzuridagi Tergov boʻlimi jinoyatlarni tergov qilish boʻlinmasi tergovchisi, kapitan Faxriddin Sharipovdir. Qahramonimiz bolaligida otasi bilan boks zaliga birga borgan, mashgʻulotlarda qatnashgan va shu orqali sportga kirib kelgan.
Sharipovlarni sportchilar oilasi, deyishadi. Negaki, Faxriddinning otasi boks bilan professional shugʻullangan, ukasi va amakilari ham sportchi boʻlgan. U boshqalardan farqli ravishda, bitta sport turini tanlamadi. Baravariga sambo hamda dzyudo bilan shugʻullanishga kirishdi. Dastlab, sambo boʻyicha bir necha bor Oʻzbekiston va Osiyo chempioni boʻlgach, asosiy eʼtiborini dzyudoga qaratdi. Sababi, sambo sport turi sifatida olimpiada dasturlariga kiritilmagan edi.
Natijada, dzyudo boʻyicha ketma-ket mamlakat chempionligini va koʻplab xalqaro turnirlar gʻolibligini qoʻlga kiritdi. U Oʻzbekiston dzyudo terma jamoasi safida nufuzli musobaqalarda qatnashdi. 2018-yilda ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilingan Faxriddin Sharipov sportchi sifatida tizim faxriga aylandi.
Xususan, 2022-yilning 7–11-sentabr kunlari Polshaning Krakov shahrida boʻlib oʻtgan dzyudo boʻyicha jahon chempionati bronza medalini qoʻlga kiritdi. Oʻsha yili Fransiyaning Nant shahrida oʻtkazilgan «Gran-pri» turnirida faxrli 1-oʻrinni egalladi. 2023-yilning 26–29-may kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida oʻtkazilgan ichki ishlar organlari va Qurolli Kuchlar tuzilmalari xodimlari oʻrtasida tashkil etilgan dzyudo boʻyicha xalqaro turnirda MDH davlatlari vakillari toʻrt guruhga boʻlingan holda, jamoaviy tarzda kurash olib bordi. Faxriddin Sharipov jamoaviy bahslarda oltin medal va kubokning qoʻlga kiritilishida oʻzining munosib hissasini qoʻshib, final bellashuvida mezbon Rossiya terma jamoasi aʼzosini magʻlub etdi. 2023-yil soʻngida Birlashgan Arab Amirliklarining poytaxti Abu Dabi shahrida «Katta dubulgʻa» turnirining dzyudo boʻyicha sport ustalari oʻrtasidagi jahon chempionatida 100 kg vazn toifasida faxrli 3-oʻrinni zabt etdi.
Kapitan F. Sharipov kitob mutolaasini ham kanda qilmaydi. Agata Kristi, Den Braun, Aleksandr Dyuma asarlarini sevib oʻqiydi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishi xizmat vazifalarini bajarish vaqtida oʻzini oʻzi himoya qilish boʻyicha maxsus jismoniy tayyorgarlik usullarini yetarli darajada oʻzlashtirishi nuqtai nazaridan ham juda muhimdir. Chempion xodimdan kelgusi musobaqalarda ham oltin medallarni kutib qolamiz!
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
