“Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat oyligi” doirasida IIV oʻquv-dala markazida IIV Malaka oshirish instituti boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik hamda maxsus kasbiy tayyorgarlik oʻquv-yigʻini tinglovchilari ishtirokida bir qator tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston futbol boʻyicha amputantlar milliy terma jamosi darvozaboni, futbol boʻyicha amputantlar oʻrtasida 4 karra Jahon, 1 marta Osiyo chempioni hamda Oʻzbekiston chempionatida 15 marta chempionlikni qoʻlga kiritgan mahoratli sport ustasi Qudrat Toʻraxodjayev bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida Institut boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik B. Ulugʻbekov soʻzga chiqib, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda sportning barcha turiga, xususan Paralimpiya oʻyinlariga alohida eʼtibor qaratilayotganligi hamda ushbu sport turi bilan shugʻullanuvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida toʻxtalib oʻtdi.
Soʻngra sportchi Q. Toʻraxodjayev oʻzining hayot yoʻli, sportga kirib kelishi, bu yoʻldagi qiyinchilik va toʻsiqlarini mardonavor yengib oʻtganligi, qoʻlga kiritgan yutuqlari haqida tinglovchilarga soʻzlab berdi. Shuningdek, har bir xodim sport bilan muntazam shugʻullansa, jismonan sogʻlom, aqlan yetuk va hamisha ruhan tetik holda jangovar jismonan shay boʻlib yurishini hayotiy misollar orqali taʼkidlab oʻtdi.
Tadbirda tinglovchilar Paralimpiya sport turlari haqidagi qiziqtirgan savollariga javoblar oldi. Uchrashuv yakunida mahoratli sport ustasiga minnatdorlik bildirilib, institut rahbariyatining esdalik sovgʻalari topshirildi.
Murodxon TURAYEV,
IIV Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik
fakulteti tsikl boshligʻi, podpolkovnik.
