Aslida odatdagidek koʻkrak sohasi emas, balki qorin bilan, aniqrogʻi diafragma bilan nafas olish toʻgʻridir. Bu usul koʻkrak bilan nafas olishga qaraganda qonni kislorod bilan koʻproq toʻyintiradi, qorin boʻshligʻi aʼzolari oʻzini oʻzi massaj qilishiga yordam beradi, ichaklar peristaltikasi (kerilishi va siqilishi)ni yaxshilaydi, shuningdek, asabni tinchlantiruvchi taʼsirga ega.
Ushbu «shifobaxsh» nafas olishni oʻzlashtirish uchun qorinni havo sharchasi deb tasavvur qilib, uni bir necha marotaba ohista shishirishga va yana oʻz holiga qaytarishga urining. Bu mashqni yotgan holatda bajargan maʼqul, shunisi qulayroq. Keyin esa asta-sekin oʻtirgan va turgan holatga oʻtish mumkin. Agar bu usulni tez-tez takrorlab tursangiz, toʻgʻri nafas olish odatga aylanadi va organizm salomatligi yaxshilanadi.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
