Futbolda hakamlik qilish oson deb oʻylaydiganlar qattiq adashishadi. Chunki, ularning hayotida yuz bergan quyidagi qiziqarli va hayratlanarli voqealarni oʻqib, bunga yaqqol amin boʻlasiz.
***
Frantsuz hakami janob Mate oʻyindan soʻng, junbushga kelgan muxlislar bilan “hisob-kitob” qilishdan hech qachon qoʻrqmagan. Chunki, uning xotini politsiya mahkamasida sportning dzyudo turidan dars beruvchi boʻlib, doimo erini qoʻriqlab yurgan.
Hozirgacha tan soqchi rafiqa bir necha bor toʻs-toʻpolonlardan Mateni eson-omon olib chiqqan.
***
Ispaniya quyi ligasidagi “Rione” va “La Katino” jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvda gʻaroyib voqea yuz beradi. Yaʼni, uchrashuv boshlanishida mehmonlar hujumchisining zarbasi hakamning oyogʻiga tekkan holda darvoza toʻriga borib tushadi.
Noqulay vaziyatda qolgan hakam esa, golni hisobga olishga majbur boʻladi. Bundan asabiylashib, oʻzlarini qoʻyarga joy topa olmayotgan muxlislar uchrashuv poyoniga yetgach, hakamni qanday qilib taʼzirini berish rejasini tuzishardi. Ammo, hisobni tenglashtirish uchun jon-jahdi bilan eng soʻnggi hujumini uyushtirgan “Rione” futbolchilarining zarbasi kutilmaganda hakamning boshiga tegadi-yu, toʻp yoʻnalishini oʻzgartirib, hisob tenglashadi. Shunday qilib, har ikkala gol muallifi hakam boʻldi.
***
Futbol tarixidagi eng adolatli hakam nomini olgan Buyuk britaniyalik Melvin Silvestr oʻyin paytida jamoa hujumchilaridan biri Richard Kerd hakamni bir necha marta turtkilaydi. Shunda ham koʻngli toʻlmagan futbolchi, endi ochiqchasiga zoʻravonlik qiladi.
Bundan jahli chiqqan hakam esa, unga 3 marotaba boks usulida zarba berib, Richard Kerdni maydonga qulatadi. Bu voqeadan soʻng, hakam oʻziga qizil kartochka koʻrsatib, maydonni tark etadi. Shu sababli, charm toʻp ustalariga hakamni koʻpam xoʻrlamaslikni maslahat berardik.
“Postda” muxbiri Mixli SAFAROV tayyorladi.
