Sport sogʻlom hayotni taʼminlovchi, qolaversa, tinchlik hamda birdamlikni targʻib qiluvchi vositadir. Insonni har tomonlama sogʻlom va barkamol qilib tarbiyalashda ham sportning oʻrni beqiyos. Mazkur jarayonda esa Ichki ishlar organlari xodimlari barchaga oʻrnak boʻlmogʻi, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etuvchi qatlamga aylanmogʻi darkor.

Mamlakatimiz boʻylab tizimda joriy etilgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tadbirlardan ham ayni maqsad koʻzlangan. Binobarin, Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan anʼanaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Sogʻlom avlod uchun” shiori ostidagi marafonlar faoliyat rivojiga sezilarli hissa qoʻshmoqda.

Tong sahardan soha vakillari Navoiy shahridagi Farhod madaniyat saroyidan istirohat bogʻidagi Yoshlik koʻligacha yugurish marafonida ishtirok etishdi. Unda IIO xodimlari va ularning oila aʼzolari shuningdek, yoʻl-yoʻlakay ixtiyoriy qatnashuvchilar ham boʻldi.

Sogʻlomlashtirish tadbiri yugurishdan triatlon sport musobaqasiga ulandi. Bunda ham xodimlar oʻzaro kuch sinashish imkoniga ega boʻldilar. Minglab navoiyliklarni bir maydonga jamlangan tadbir soʻngida gʻoliblar yosh toifasida belgilanib, diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.