Prezidentimizning tegishli farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida mehnat migranti sifatida xorijiy davlatlarga ketgan va qaytib kelgan fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy ahvolini oʻrganish, ularni har tomonlama qoʻllab quvvatlash maqsadida «Yagona migratsiya idoralararo maʼlumotlar bazasi» yaratildi.

Surxondaryo viloyatida mazkur elektron dasturning afzalligi, qulayligi boʻyicha oʻquv seminari tashkil etildi. Termiz shahridagi Yoshlar markazi binosida oʻtkazilgan tadbirda Termiz, Angor, Muzrabot tuman ichki ishlar boʻlimlari hamda Termiz shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari, Qiziriq tuman hokimligi binosida esa Qiziriq, Boysun, Sherobod, Bandixon tumanlari ichki ishlar boʻlimlari huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.

Oʻquv-amaliy seminarda jumladan, xorijiy davlatlarga ketgan va qaytib kelgan migrantlar haqida toʻliq maʼlumotlar bazasi yaratish, ularning ijtimoiy, iqtisodiy holati, oilaviy muammolari, daromad miqdori va ish sharoitlari toʻgʻrisida maʼlumotlar olish va tahlil qilish orqali ularga zarur yordam koʻrsatish belgilanganligi aytib oʻtildi. Oʻz yurtiga qaytib kelgan fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish, mutasaddi korxona-tashkilotlar bilan hamkorlikda mahalliy ish oʻrinlariga joylashtirish ularning oilasi farovonligiga xizmat qiladi.

Aytish joizki, bugungi kunda ushbu elektron dastur profilaktika inspektorlarining xizmat planshetlariga oʻrnatilib, «mahalla yettiligi» bilan hamkorlikda foydalanib kelinmoqda. Ish jarayonlarida xorijiy davlatlarda ogʻir hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan fuqarolar aniqlanib, ularni Vatanga qaytarish va munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

Elektron dasturning ishlab chiqilishi migrantlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda ilk qadam boʻlib, kelgusida bu kabi amaliy ishlar davom ettiriladi. Oʻquv seminari yakunida xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan tegishli javoblar olishdi.

Feruza Rahmonqulova,

oʻz muxbirimiz,

Surxondaryo viloyati.