– Har bir profilaktika inspektori oʻz mahallasida tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda asosiy kuchdir. Xalq bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish va hal etish orqali ishonchni mustahkamlaymiz. Har bir xonadonda osoyishtalik boʻlsa, butun yurtimiz tinch va farovon boʻladi, – dedi Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova mahallalarda faoliyat yuritayotgan profilaktika inspektorlari ishtirokidagi uchrashuvda.

 Bu haqida mazkur tuman hokimligi matbuot xizmati xabar qiladi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda tumanda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarni kamaytirish, aholida huquqiy madaniyatni oshirish va profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

 Uchrashuv davomida ichki ishlar organlari va mahalla tizimi oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, aholi oʻrtasida huquqiy targʻibot ishlarini kengaytirish hamda yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish masalalari yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yigʻilish yakunida masʼullarga aholining qonuniy manfaatlarini himoya qilish va jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar yuklatildi.