Halol mehnati ortidan daromad orttirib, koʼngil xotirjamligida turmush kechirayotganlar koʼp. Ammo oramizda oson pul topish maqsadida har qanday qabih ishga qoʼl uradiganlar ham bor. Anan shundaylar inson hayoti, taqdirini ham baholab sotishdan qaytmaydi.

2022-yil 7-yanvar kuni Samarqand viloyat IIB boshligʻi nomiga fuqaro S. ariza bilan murojaat qiladi. Unda Samarqand shahrida yashovchi N.A. Turkiya davlatiga foxishalikka yuborishini aytib, M va Sh ismli qizlardan 3 500 AQSH dollari miqdorida pul soʻragani maʼlum qilingan va N.A. ga nisbatan qonuniy chora koʻrish soʻralgandi.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, ariza yuzasidan 8-yanvar kuni Samarqand viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan Toyloq tumani hududida tezkor tadbir oʻtkazilgan. N.A. ismli shaxs M va Sh larni Turkiya davlatiga foxishalikka yuborish uchun kelishilgan 3 500 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtda, ashyoviy dalillar bilan ushlanib, hujjatlashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan hozirda Toyloq tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

«Postda» muxbiri.

Samarqand viloyati.