Xorazm viloyati IIB JXX JTSB hamda viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi hamkorligida xavfli va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirda soha mutaxassislari, chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi rahbarlari hamda ichki ishlar organlari masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Dilshod Madrahimovning davlat veterinariya nazorati xodimlari tomonidan aholi oʻrtasida oʻta xavfli boʻlgan zooantroponoz kasalliklarining barvaqt oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan profilaktik hamda targʻibot tadbirlari yuzasidan axboroti tinglandi.
Tadbirda viloyat IIB JXX JTSB boshligʻi, polkovnik Sardorbek Rahimov ishtirok etib, viloyat hududidagi bozorlar, mahallalar hamda aholi xonadonlarida odamlar va hayvonlar uchun oʻta xavfli boʻlgan zooantroponoz kasalliklarining barvaqt oldini olish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari sotilishining barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik hamda hamkorlikdagi nazorat tadbirlarini doimiy ravishda oʻtkazib borish muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Yigʻilish ishtirokchilari mavzuga oid oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob olishdi.
Tadbirda hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
