Qoʻshtaqdirlar
Ichki ishlar organlarida kasbiga sadoqatli va shijoatkor qoʻshqanotlar juda koʻp. Olot tumani IIB xodimlari safdor Elnur Ibodov hamda kapitan Zilola Hamroqulovalar ana shunday fidoyi osoyishtalik posbonlaridan.
Safdor E. Ibodov ichki ishlar organlaridagi faoliyatini tuman statistika boʻlimida yetakchi mutaxassis lavozimidan boshlab, hozirda tuman IIB Tashkiliy boʻlim kotibiyat boshligʻi lavozimida samarali xizmat qilmoqda. Turmush oʻrtogʻi kapitan Z. Hamroqulova esa mana uch yildirki, tuman IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori.
Kapitan Zilola Hamroqulova xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, aholi oʻrtasida erta turmush masalalarida targʻibot hamda tushuntirish ishlarini olib borishda faollik koʻrsatmoqda.
Ayollar oʻrtasida sodir etilayotgan jinoyatlar kamayishiga erishishda uning hissasi bor.
Taʼkidlash joizki, kasbidan baxt topayotgan lavhamiz qahramonlari hamkasblari orasida obroʻ-eʼtibor qozongan, mahallada ham namunali oila hisoblanadi. Ayniqsa, jamoatchilik ishlarida va oilalarni yarashtirib qoʻyishda mahallaga koʻmaklashib turishadi.
Kapitan Z. Hamroqulova turli tanlovlarda va sport musobaqalarida faol qatnashib, yutuqli oʻrinlarni olishga musharraf boʻlgan. Jumladan, «Yil ayoli – 2022» koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida «Yilning eng vatanparvar ayoli» nominatsiyasi gʻolibi boʻldi. «Oʻq otish» musobaqasida, «Zakovat» intellektual oʻyinida ham ancha faol. Oʻtgan yili «Zakovat» intellektual oʻyinida qatnashib, bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari – 3 million 300 ming soʻm sertifikatni oldi.
– Elnur akam tirishqoq, ilm izlashdan charchamaydi, har sohada yetuk boʻlishni xohlaydi. Hozirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining yurisprudensiya yoʻnalishida ikkinchi mutaxassislikka oʻqishga shartnoma asosida qabul qilindi, – deydi kapitan Z. Hamroqulova.
Qisqasi, baxt toʻkis boʻlishi uchun oila mustahkamligi muhim. Lavha qahramonlari buni yaxshi bilishadi. Ayniqsa, sabr-toqat va oqilalik, mehr-muhabbat, mulohaza bilan ish koʻrish ularning shioriga aylangan. Zero, ahil qoʻshqanotlarning zahmatli xizmati hali koʻp bor tilga olinishiga aminmiz.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
