“Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” aksiyasi doirasida Navoiy viloyati IIB JXX HPB boshligʻi oʻrinbosari G.Usarova tomonidan Navoiy Kon-metallurgiya kombinatining turli boʻlimlarida faoliyat olib boruvchi xodimlar ishtirokida targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.

Unda har yili butun dunyo boʻylab oʻtkaziladigan “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” aksiyasi 25-noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikni bartaraf etish kunida boshlanib, 10 dekabrʼ – Xalqaro inson huquqlari kunida yakuniga yetishida ramziy maʼno borligi taʼkidlandi. Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olish borasida ijobiy natijalarga erishilayotgani, maishiy zoʻravonlikdan jabr chekkan ayollar uchun yagona “Ishonch telefoni” raqamlari ishga tushirilgani qayd etildi.

Tadbirda soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgani, bu vazifa davlatimiz siyosiyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanganligi aytib oʻtildi.  

Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning mazmun-mohiyati, himoya orderi, zoʻravonlik va uning koʻrinishlariga qonunda belgilangan javobgarliklar, oilada zoʻravonlikning kelib chiqish sabablari, oqibatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berishdi.

Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Ularga tazyiq va zoʻravonlikka uchraganda murojaat qilishlari mumkin boʻlgan ishonch raqamlari yozilgan, “Biz zoʻravonlikka qarshimiz”, “Zoʻravonliksiz farovon xayot sari”, “Oilaviy zoʻravonlik bu-jinoyat”, “Zoʻravonliksiz, sogʻlom va baxtli oilalar koʻpaysin” mavzularida tayyorlangan bukletlar tarqatildi.

Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, Navoiy viloyati IIB JXX HPB Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlimi hamda uning joylardagi XQMB katta inspektorlari tomonidan, joriy yil boshidan buyon 1673 nafardan ortiq zoʻravonlik hamda tazyiqqa uchragan, ajrim yoqasiga kelib qolgan xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirib berilib, mazkur oilalarning muammolarini hal etish, ularni yarashtirish yuzasidan manzilli tadbirlar belgilandi. Oʻzaro janjallashgan er va xotinga murabbiylar biriktirilib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar mahalla va ichki ishlar organlarining alohida nazoratiga olindi.

Har kuni tushkun kayfiyatda halovatsiz turmush kechirish, kimgadir mute holda umidsiz va quvonchsiz, iztirob va azoblar qurshovida yashash mumkinmi? Bunga yoʻl qoʻymaslik, xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan asrash borasida IIO xodimlari tomonidan keng koʻlamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Zero, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish – jamiyatni va kelajakni asrash demakdir.

Mahliyo Mirzayeva,

podpolkovnik.