Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida IIV huzuridagi JIED Ikkinchi mintaqaviy hududiga qarashli Andijon shahrida joylashgan 3-son tergov hibsxonasida tadbir oʻtkazildi.Unda hibsxona xodimlari hamda Andijon viloyati yuridik texnikumi oʻquvchilari ishtirok etdi. 

Tadbirda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ularning fuqarolik javobgarligi, el-yurt taqdiriga daxldorlik hissini oshirish borasida bir qator amaliy ishlar qilinayotgan taʼkidlandi. Shunday boʻlsa-da, jinoyat sodir etgan shaxslarning har uchinchisini yoshlar tashkil qilayotgani afsus bilan qayd etildi. 

Muloqot davomida jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarga yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga xodimlardan batafsil javob oldilar.

Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda mahkumlar qanday qilib jinoyat yoʻliga kirib qolganliklarini soʻzlab berishdi, bugun qilmishlaridan pushaymon ekanliklarini aytishib, oʻquvchilarga ilm olib, kasb-hunar egallab, halol mehnat qilish lozimligini taʼkidlashdi.

Tadbir soʻngida oʻquvchilar xoʻjalik ishlarini bajarish uchun mazkur muassasada qoldirilgan mahkumlarning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash boʻlimini koʻzdan kechirdilar. Oʻquvchi yoshlar bu uchrashuvdan tegishli xulosa chiqarib oldilar deb oʻylaymiz.

Shahrizod ShOKIROV, 

katta leytenant.