Oramizdagi qahramonlar

Urganch shahrida xizmat

vazifasini oʻtayotgan viloyat IIB JTSB PPX bataloni 2-otryad haydovchi xodimi,

safdor Davlat Abdullayev avtomobillar serqatnov yoʻlni kesib oʻtayotgan yoshgina

bolaga koʻzi tushdi. U darhol xizmat avtomashinasini toʻxtatib, bolakayni yoʻl

chekkasiga olib chiqdi. Oʻzini Dilmurod deb tanishtirgan bola oilasiga taalluqli

biror bir maʼlumot ayta olmadi. Shundan soʻng safdor D. Abdullayev hudud

profilaktika inspektoriga qoʻngʻiroq qilib, bolani ichki ishlar organlari tayanch

punktiga olib bordi.

Oradan koʻp oʻtmay «102»

navbatchilik xizmatidan shahardagi Baynalmilalchi koʻchasida Dilmurod ismli ikki

yashar bola otasi tomonidan qidirilayotgani haqida tezkor xabar olindi. Safdor

Davlat Abdullayev ushbu maʼlumot boʻyicha darhol bolaning otasi bilan bogʻlanib,

bolakay sogʻ-salomat ekanligini aytdi va unga tayanch punkti manzilini berdi.

Farzandidan xavotirlangan ota bir zumda manzilga yetib keldi va oʻgʻlini bagʻriga

bosdi.

– Oʻgʻlimni avtomashinada qoldirib,

sugʻurta agentligiga kirib ketdim, – deydi urganchlik Karimboy Elmuradov. –

Oradan 5–6 daqiqa oʻtgach chiqsam, oʻgʻlim mashinada yoʻq. Darhol uni izlashga tushdim.

Chorrahaga tutash koʻchalarni, yon-atrofdagi doʻkon va kafelarni aylanib chiqdim. Ammo

uni hech qayerdan topolmay, «102» raqamiga qoʻngʻiroq qildim. Xullas,

eʼtiborsizligim tufayli shunday voqea sodir boʻldi. Boringizga shukur, sizlardan

juda minnatdorman. Siz tufayli farzandim sogʻ-omon bagʻrimizga qaytdi.

Xudoybergan JABBOROV,

«Postda» muxbiri.

Xorazm viloyati.