Samarqand viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Rahmat Mamatov huzurida qator masalalar muhokama qilindi.

Xususan, yaqinlashib kelayotgan “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari hamda yozgi bolalar oromgohlarida jamoat tartibini saqlash masalalari muhokama markazida boʻldi. 

Tadbirda soʻz olgan boshqarma boshligʻi joylardagi IIB rahbarlari qolgan sektor rahbarlari bilan hamkorlikda oromgohlarga olib boruvchi yoʻllarni toʻliq taʼmirlash ishlarini amalga oshirish choralarini koʻrish, bolalarni oromgohlarga faqat YPX patrul avtomobili kuzatuvi ostida, texnik soz (YHXB tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilganidan soʻng) avtobuslarda olib borilishi alohida nazoratga olinishini taʼkidladi. Shuningdek, “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari vaqtida jamoat tartibi, fuqarolar hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha masʼuliyatli vazifalar yuklatildi. 

Hududlardagi bevosita yoʻl chetida joylashgan maktablar oldida harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida YPX inspektorlari biriktirilishi, maktablarning joylashgan joyiga qarab transport vositalarining harakatini cheklash, imkon qadar oʻsha kuni barchaga jamoat transportida harakatlanishi boʻyicha tavsiya berish, choʻmilish xavfzalari alohida nazoratga olinishi, anhor, kanal va choʻmilish xavfzalarida choʻkish holatlarini oldini olish maqsadida targʻibot ishlari olib borilishi belgilandi.

Barcha MFYlardagi 5 talik (MFY raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va ayollar boʻyicha maslahatchi) toʻliq hududidagi maktablarga borishi, ushbu tadbirlarda ishtirok etishi va unga “bosh-qosh” boʻlishi lozimligi, joylarda maktab maʼmuriyati oʻzboshimchalik bilan bolalarning ota-onalari bilan kelishib, turli dabdabali tadbirlar  qilmasligi taʼkidlandi. 

“Joriy yil “1-iyun – Xalqaro bolalar kuni” bayrami davrida ham xavfsizlik choralari xuddi yuqorida belgilangan tartibda boʻlishi nazoratga olinsin. Istirohat bogʻlari atrofida IIO va MG xodimlari tomonidan jamoat tartibini saqlash choralari koʻrilsin. Shuningdek, oxirgi paytlarda bogʻlardagi attraksionlar bilan bogʻliq noxush holatlar koʻp sodir boʻlayotganligini inobatga olgan holda attraksionlar egalari bilan profilaktik tushuntirish ishlarini olib borish yoʻlga qoʻyilsin” – dedi Boshqarma boshligʻi.