Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan navbatdagi maʼrifat darsi “Sheʼrga koʻchgan shaxsiyat” mavzusida boʻldi. Mazkur tadbir oʻzbek adabiyotining zabardast vakili, shoir Shavkat Rahmon ijodiga bagʻishlanib, uning hayoti va serqirra faoliyati oʻrganildi. Tadbirda shaxsiy tarkib hamda faxriy xodimlar ishtirok etishdi.
Mashgʻulot viloyat Yozuvchilar uyushmasi mutaxassisi, shoira Goʻzal Roʻziyeva va Buxoro davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti professori, adabiyotshunos olima Shoira Axmedovalar tomonidan olib borilib, mavzu doirasida xodimlarga batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, maʼrifat darsi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kasaba uyushmalari qoʻmitasi bosh mutaxassisi Abdugʻofur Sattorovning “El-yurt osoyishtaligi generallari” nomli kitobi taqdimoti ham oʻtkazildi. Taqdimotda viloyat IIB boshligʻining maslahatchisi Hayot Sharipov tomonidan kitobni mazmunu mohiyati xususida soʻz yuritildi.
Bundan tashqari, xodimlarni oʻqitish, tarbiyalash va ularga munosib xizmat shart-sharoitlar yaratish maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va Vatanparvarlik tashkiloti oʻrtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi.
Tadbir jarayonida viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi. Shu bilan birgalikda, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bayrami” munosabati bilan tashkil etilgan “Huquq bilimdoni” viktorinasida ishtirok etib gʻoliblikni qoʻlga kiritgan viloyat ichki ishlar organlari xodimlari vazirlikning diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Mashgʻulotdan soʻng Ichki ishlar organlari xodimlarining kitobxonlikka boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi hovlisida arzonlashtirilgan “Kitob yarmarkasi” ham tashkil etildi. Qisqasi, bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Farrux USMONOV,
katta leytenant.
Buxoro viloyati.
