Jizzax viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlari xodimlari ishtirokida press tur hamda matbuot anjumani uyushtirildi. Press tur davomida jurnalistlar boshqarma faoliyati bilan tanishish imkoniga ega boʻlishdi. Bu jarayonda ularga aholini ID kartalar bilan taʼminlash, xorijga chiqish biometrik pasportlarini rasmiylashtirish, ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Shundan soʻng matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. OAV vakillariga boshqarma shaxsiy tarkibi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi. Jumladan, 2021 yilning 9 oyi davomida 32 ming 335 nafar fuqaroga ID-kartalari, 53 ming 13 kishiga xorijga chiqish pasportlari rasmiylashtirilgan. Fuqaroning doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar xorijga chiqish biometrik pasportlarini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilmoqda.

Hisobot davrida boshqarma va quyi tizimi vakillari tomonidan 864 nafar xorijiy fuqaroning viza muddatlari uzaytirilgan. Shuningdek, respublikamiz hududiga 2005 yilga qadar koʻchib kelib, doimiy roʻyxatdan oʻtib yashayotgan 556 nafar fuqaroligi yoʻq shaxsga fuqarolik pasportlari rasmiylashtirilgan.

Anjumanda jurnalistlar soha masʼullaridan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.