Oʻzbek dublyaji qirollichalaridan biri Oʻzbekiston xalq artisti Mukambar Rahimova 1941 yil 23 martda Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent teatr va rassomlik institutining aktyorlik, soʻngra rejissyorlik yoʻnalishini bitirgan. 

“Dadam asli harbiy boʻlsa ham sanʼatkorlar bilan doʻst tutingan edi, bolaligimda biznikiga sanʼatkorlar kelib-ketib yurgan, bundan tashqari, dadam yaxshigina dutor chertardi va shu sabab boʻlsa kerak sanʼatga qiziqdim.

Hali maktabda oʻqib yurgan kezlarim dublyaj studiyasiga borganman. Albatta, buni ota-otam bilmasdi, keyinchalik xabar topishdi-yu, lekin meni bu yoʻldan qaytarishmadi, balki ularga bu unchalik ham yomon kasb emasligini tushuntirishgandir”, degan edi u oʻz intervyularidan birida. Darhaqiqat, Mukambar Rahimova goʻzal ovozi, yuqori mahorati, chuqur dramatik va satirik obrazlari bilan dublyaj olamida shuhrat qozondi. "Ishdagi ishq", "Quvnoq sehrgarlik", "Sehrli sarguzasht", "Mio, bolaginam Mio", "Nofelet qayerda", "Koʻk qush", "Takdir hazili yoki qushdek yengil boʻling", "Osmondan tushgan meros", "Shahrizodaning yangi ertagi", "Oʻnta negr bolasi", "Shoh saltan haqida ertak" kabi ovoz bergan filmlardayoq aktrisaning yuksak mahorati aks etganini kuzatish mumkin.  

Aktrisa Qunduz («Istiqbol yoʻli»), Lola («Surayyo»), Enaga («Dahoning yoshligi»), Xatira («Oy borib, omon qayt») kabi rollar yaratgan. Rejissyor sifatida Fargʻona teatri («Intilganga tole yor»), Jizzax teatri («Xayolparast») va boshqa teatrlarda ham spektakllar, «Guvohsiz suhbat», «Nomaʼlum ayol maktubi», «Qasoskorning oltin boshi» kabi radiopostanovkalar sahnalashtirgan.

«Dugonalar», «Tabassum», «Vatandosh», «Yaxshi kayfiyat» kabi radiojurnallarda boshlovchilik qilgan.

Fursatdan foydalanib, bugun oʻzining 80 bahorini qarshi olayotgan sevimli aktrisamizni shukrona kuni bilan tabriklaymiz. Tanisihatlik, uzoq umr tilaymiz.

Adolat FAYZIYEVA tayyorladi.