MUQADDAS AYOL...
Oshiqlaring poyingga gul otib ham boʻldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham boʻldi.
Va bu haqda kimlargadir sotib ham boʻldi,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!
Avval: “Kel-yey. Quchogʻimga toʻl, balq”, dedilar,
Unamading, ayol oʻzi ters “xalq” dedilar.
Icholmagach yuz oʻgirib, shoʻr, talx dedilar,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!
Sen daryosan, oʻpganini qirgʻoq yashirar,
Juftim boʻl,– deb chopganini har toq yashirar,
Jannatim, – deb quvonmasdan qumloq yashirar,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!
Asli bu bor ermaklarning borar yeri Sen,
Rostu yolgʻon ertaklarning borar yeri Sen,
Asov otday erkaklarning borar yeri Sen,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!
Chorlashganda sen kelsang, goh bekor kelsang-da,
Mast davrada bir sarin yel, bir tor kelsang-da,
Xor kelsang-da, nomardlarga goh xor kelsang-da,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!
Qimtinasan, astagina koʻtarasan bosh,
Ming yillikdir koʻzingdagi jovdiragan yosh,
Gunohkorlar mingu bitta Senga tegar tosh,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!
Harir, xushboʻy badaningda toshlar izi bor,
Koʻkragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh izi, kuydirgan quyoshlar izi bor,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!
©Halima XUDOYBERDIYEVA.
