Xotira – aziz, qadr – muqaddas. Yurtimizda xotira va qadrlash kunini keng miqyosda nishonlashimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi. Juda koʻp mamlakatlar boshiga kulfatlar yogʻdirgan, millionlab odamlarning yostigʻini quritgan, ayollarni beva, bolalarni otasiz qoldirgan Ikkinchi jahon urushi janggohlaridan omon qaytgan bobolarimizni qadrlash va eʼzozlash biz uchun ham qarz, ham farzdir.
Navoiy viloyati IIB xodimlari bayram munosabati bilan Nurota tumani Gʻazgʻon shahrida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi faxriysi Tursun ota Ergashevning xonadoniga tashrif buyurishdi. Shu yil tabarruk 100 yoshni qarshilayotgan otaxon qoʻliga qurol olib, janga kirganida yosh navqiron yigit edi. “Jangning uchinchi kuni yonginamda portlagan mina parchasi chap qoʻlimni majaqlab yubordi. Yarador boʻlganlarning dod-faryodi quloqni qomatga keltirar darajada edi. Urush nomiga laʼnatlar aytganimiz bilan ham dilimiz tubidagi alamlardan xalos boʻla olmaymiz”, deydi otaxon chuqur xoʻrsinib.
Yana bir urush faxriysi Pirnazar otani koʻrish uchun Karmana tumani Doʻrmon mahallasiga tashrif buyurgan soha xodimlari otaxonning 103 yoshni qarshilayotganiga qaramay tomorqa yumushlarini bajarayotganiga guvoh boʻlishdi. Pirnazar boshdan kechirganlarini shunday esladi: “1942 yil 25 sentyabrda menga ham chaqiruv qogʻozi keldi. Ungacha bir yilni ming bir azobda oʻtkazdim. Chunki urushdan front ortidagi oddiy xalq ham jabr koʻrib yashadi. Bugʻdoyning unini davlatga topshirib, kepagidan non qilib jon saqlardik. Xudoga ming shukr, yurtimiz tinch-osoyishta. Ana shu tinchligimizga koʻz tegmasin”.
Har ikkala otaxon ham oʻzlariga koʻrsatilayotgan hurmat-eʼtibor uchun davlatimiz, Yurtboshimiz haqiga duo qilib, yoshlarimiz dorilamon kunlarning qadriga yetishlari lozimligini takror-takror aytishdi.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri
Navoiy viloyati.
