Fargʻona viloyatining Buvayda tumanidagi uchinchi sektor tarkibiga kiruvchi, eng chekka va olis hudud hisoblanmish Pishagʻar qishlogʻida viloyat IIB hamda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamkorligida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi.

Shu kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, Buvayda tuman hokimligi, tuman Ichki ishlar boʻlimi vakillari tomonidan ehtiyojmand fuqarolarga nogironlik aravachalari, qoʻltiqtayoqlar, eshitish moslamalari va bir necha turdagi bepul dori-darmonlar taqdim etildi.

Tibbiy koʻrikda 10 dan ziyod mahallalar aholisi, ayniqsa, keksalar, surunkali kasalliklardan aziyat chekuvchi fuqarolar ishtirok etib, malakali mutaxassislardan bepul mashalat va tibbiy yordam olishdi. Tor doiradagi mutaxassislar fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, oʻz tavsiyalarini berishdi. Maxsus klinik tekshiruvlardan oʻtishi yoki yotib davolanishi zarur boʻlgan bemorlarga viloyat shifoxonalarida stasionar davolanish uchun yoʻllanmalar taqdim qilindi.

Shu kuni tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, uchinchi sektor rahbarining sayyor qabuli ham oʻtkazilib, aholini qiynab kelayotgan turli muammolarga yechim topildi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.