Viloyat IIBda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari – Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi, general-mayor Davron Nazarmuhamedov huzurida viloyatda sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amaliyotga tatbiq etilayotgan “Buxoro tajribasi”ning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimotda boshqarma boshligʻi, polkovnik M.Miralimov Yurtboshimizning joriy yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida belgilab bergan vazifalarning ijrosini viloyatda samarali tashkil etish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, bu borada kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan tatbiq etilayotgan samarali loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Shundan soʻng tizimda korrupsiyani oldini olishga qaratilgan yangi loyiha taqdimoti ham oʻtkazildi. Unga koʻra shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi, xodimlarning korrupsion holatlarga yoʻl qoʻymasligi, vakolatidan chetga chiqmaslik, fuqarolar bilan xushmuomala boʻlishlari yuzasidan olib borilayotgan manzilli tadbirlar batafsil tushuntirildi.

Jinoyatchilikning oldini olishda targʻibot tadbirlarining samarasi juda yuqori. Shundan kelib chiqib, boshqarma boshligʻining tashabbusi bilan viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Mobil targʻibot guruhlari” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Taqdimot jarayonida ushbu mobil targʻibot guruhlari mahallalarga bevosita tashrif buyurib, odamlar gavjum boʻladigan joylarda viloyat IIB Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan targʻibot video roliklarini namoyish qilayotgani, turli jinoyatlar toʻgʻrisida aniq misollar orqali tushuntirishlar berilib, shu orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish mumkinligi toʻgʻrisida ham maʼlumotlar taqdim etildi.

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari loyihalar taqdimotidan kelib chiqib, oʻz fikrini bildirdi, takliflarini aytib oʻtdi. Ushbu loyihalarni yanada mukammalashtirib, respublikaning boshqa hududlariga ham joriy etish kerakligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar berdi.

F.USMONOV,

kapitan.

Buxoro viloyati.